Rossiyaning Irkutsk viloyati kompaniyalari O‘zbekiston bilan 112 million dollarlik yangi loyihalarni ishlab chiqmoqda
Iyul 29, 2026. 13:00 • 3 daq
• 143
NOVOSIBIRSK, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Rossiyaning Irkutsk viloyati ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Rossiya tomonidan Irkutsk viloyati iqtisodiy rivojlanish vazirligi, Sharqiy Sibir savdo-sanoat palatasi uyushmasi, viloyat Turizm agentligi rahbariyati hamda yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistondan esa Savdo-sanoat palatasi, Turizm qo‘mitasi, Eksportchilar uyushmasi, Oziq-ovqat sanoati uyushmasi hamda “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi vakillari qatnashdi.
Onlayn muloqot davomida eksport-import yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalar va sheriklik aloqalari xususida fikr-mulohazalar almashildi.
Mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Irkutsk viloyati yurtimizning muhim tashqi savdo hamkorlaridan biri ekanini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 44 foizga oshib, 180 million dollarni tashkil etgan. Ayni paytda O‘zbekiston Irkutsk viloyatining eksport yo‘nalishlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.
Sharqiy Sibir savdo-sanoat palatasi uyushmasi direktori Vladimir Salovarovning maʼlum qilishicha, ayni paytda O‘zbekiston bilan umumiy qiymati 12 million dollarlik uchta investitsiyaviy kelishuv amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Irkutsk kompaniyalari tomonidan 2026-yil aprel oyida o‘tkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi doirasida erishilgan kelishuvlar asosida umumiy qiymati 112 million dollarlik yana 11 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.
Rossiya tomoni qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etish, O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari asosida kiyim-kechak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi. Shu bilan birga, no‘xat va malina mahsulotlarini xarid qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi Irkutsk korxonalarining buyurtmalari asosida rezavor mevalar yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. “ViD” tikuvchilik fabrikasi esa Novosibirsk shahrida Namanganda ishlab chiqarilgan erkaklar kostyumlari kabi o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari uchun maxsus savdo markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Shuningdek, Termiz shahridagi “Ayritom” erkin savdo zonasida Irkutsk viloyati mahsulotlari uchun shourum ochish tashabbusi alohida qiziqish uyg‘otdi. Mazkur loyiha orqali Afg‘oniston bozoriga chiqish imkoniyatlaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
Muzokaralar davomida tomonlar turizm operatorlari o‘rtasida B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazish hamda O‘zbekiston delegatsiyasining 25–27-avgust kunlari Irkutsk shahrida bo‘lib o‘tadigan VII Baykal xalqaro hamkorlar forumida ishtirokini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi