Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkentda ijtimoiy va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda
Noyabr 11, 2026. 08:55 • 2 daq
• 205
ISLOMOBOD, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Metrocon” qurilish kompaniyasi ta’sischisi Abdul Qodir bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida mamlakatimiz elchisi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hamda qurilish va infratuzilma sohalaridagi istiqbolli investitsiya imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Yangi Toshkent shahrini barpo etish loyihasining strategik ahamiyati, uning ko‘lami, asosiy yo‘nalishlari va xorijiy kompaniyalar uchun ochayotgan yangi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur megaloyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan kompaniyalar uchun nazarda tutilgan imkoniyatlar va rag‘batlantirish choralari, yer uchastkalarini ajratish mexanizmlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi va hamkorlik shartlari to‘g‘risida alohida ta’kidlandi.
“Metrocon” kompaniyasi rahbariga Yangi Toshkent shahri qurilishi doirasida avtomobil yo‘llari va ko‘priklar barpo etish, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish, suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini qurish, turar-joy majmualari, mehmonxonalar, shuningdek, savdo va tijorat obyektlarini barpo etish kabi yo‘nalishlarda investitsiya loyihasini amalga oshirish taklif etildi.
Pokiston vakili, o‘z navbatida O‘zbekistonda shaharsozlik va qurilish sohalari jadal sur’atlarda rivojlanayotgani, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilayotgani va xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini yuqori baholadi. “Biz Yangi Toshkent shahrini barpo etishdek ulkan va strategik ahamiyatga ega loyihada ishtirok etishga katta qiziqish bildirayotganimiz rost, – dedi Abdul Qodir. – Kompaniya ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik imkoniyatlarini batafsil o‘rganib chiqadi va o‘zining aniq investitsiyaviy hamda amaliy takliflarini O‘zbekiston tomoniga taqdim etadi”.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil o‘rganish, “Metrocon” kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga safarini tashkil etish va tashrif doirasida mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari hamda Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi