O‘zbekiston elchisi Pokiston Bosh vazirining maxsus yordamchisi bilan uchrashdi
Iyun 06, 2026. 13:00 • 2 daq
• 56
ISLOMOBOD, 6 iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maxsus yordamchisi, sanoat va ishlab chiqarish bo‘yicha federal vazir Xarun Axtar Xan bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi hamda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalar hajmini oshirish, transport-tranzit va logistika sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, energetika yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, geologiya va farmatsevtika tarmoqlaridagi istiqbolli hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xarun Axtar Xan joriy yil fevral oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifini ikki mamlakat munosabatlaridagi muhim tarixiy voqea sifatida baholadi.
«O‘zbekiston yetakchisining uzoqni ko‘ra bilishi, strategik tafakkuri va yuksak siyosiy donoligi menda chuqur taassurot qoldirdi, – dedi u. – Shuningdek, Davlatingiz Rahbari boshchiligida O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilayotganini yuqori baholaymiz. O‘zbekistonning mazkur sohalarda to‘plagan boy tajribasi Pokiston uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi».
O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini jadallashtirish, ikki mamlakatning ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, yangi qo‘shma investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, Pokistondan O‘zbekistonga tirik chorva mollarini import qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik ikki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Bundan tashqari, joriy yilning 16–18-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumining O‘zbekiston–Pokiston iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini yanada chuqurlashtirish, yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirishdagi muhim o‘rni qayd etildi.
Tomonlar mazkur nufuzli xalqaro iqtisodiy forumda Pokiston delegatsiyasining yuqori darajada faol ishtirok etishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sherikligini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi