Novosibirskda Samarqandning boy me’moriy merosiga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazma o‘tkazildi

Iyun 26, 2026. 19:35 • 2 daq

63
Novosibirskda Samarqandning boy me’moriy merosiga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazma o‘tkazildi
Novosibirskda Samarqandning boy me’moriy merosiga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazma o‘tkazildi
Novosibirskda Samarqandning boy me’moriy merosiga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazma o‘tkazildi

NOVOSIBIRSK, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. Novosibirsk davlat arxitektura va qurilish universitetida mamlakatimiz Bosh konsulxonasi ko‘magida mazkur oliygoh talabalarining yurtimiz, xususan, Samarqand shahriga bag‘ishlangan ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ekspozitsiyadan talabalar tomonidan mahorat bilan chizilgan, Samarqandning dunyoga mashhur obidalari – Go‘ri Amir, Bibixonim majmualari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va Temuriylar poytaxtining zamonaviy qiyofasi aks etgan rang-barang suratlar, peyzaj va eskizlar joy oldi.

Novosibirsklik yosh ijodkorlarning ishlari ham rangli, ham oq-qora uslubda ijro etilgan bo‘lib, ular Samarqand me’morchilik san’atining betakror go‘zalligini, ulug‘vorligini va tarixiy ildizlarini juda aniq yetkazib bergan. Samarqand mavzusidan tashqari, ko‘rgazmada talabalarning O‘zbekistonga tashrif davomida Toshkent shahrida olgan taassurotlari asosida chizilgan ijodiy ishlari ham namoyish etildi.

“Samarqanddagi badiiy amaliyot bizning hayotimiz va o‘qishimizdagi ilk xorijiy safar bo‘lishi bilan birga, qalbimizda unutilmas taassurot qoldirdi. Buyuk tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan bu zaminda bo‘lish, o‘zbekistonlik tengdoshlar bilan tajriba va bilim almashish biz uchun katta imkoniyat bo‘ldi”, –deydi rossiyalik talabalar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish