“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni taʼsis etildi
Iyun 25, 2026. 21:30 • 2 daq
• 2
TOSHKENT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonini taʼsis etish to‘g‘risidagi farmoni imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu hujjat mamlakat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga tayyorgarlik doirasida qabul qilingan bo‘lib, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudrati va salohiyati, jahon maydonidagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘zining ko‘p yillik fidokorona mehnati, yuksak kasbiy mahorati va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki bilan el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan vatandoshlarimizni munosib rag‘batlantirishga qaratilgan.
Farmonda mustaqillik – mard va olijanob xalqimizning qatʼiy irodasi, istiqlol yo‘lida kurash olib borgan fidoyi ajdodlarimizning jasorati va matonati bilan qo‘lga kiritilgan, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart bo‘lgan buyuk va muqaddas qadriyat ekani alohida taʼkidlangan.
Shuningdek, istiqlol tufayli yangilangan konstitutsiyamiz hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, inson qadr-qimmatini ulug‘lash, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, buyuk tariximiz hamda milliy urf-odat va anʼanalarimizni asrab-avaylash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qaror toptirish, mamlakatimizning xalqaro obro‘-eʼtiborini yuksaltirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etilgan.
Hujjatga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonining Nizomi va tavsifi tasdiqlangan.
Ushbu yodgorlik nishonining taʼsis etilishi O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan muhim tadbirlardan biri bo‘lib, mamlakat taraqqiyoti va davlatchilikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan vatandoshlar xizmatini eʼtirof etishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi