Venesuelada kuchli zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 235 nafarga yetdi
Iyun 26, 2026. 11:15 • 2 daq
• 80
KARAKAS, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. Venesuela shimolida sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni taxminan 235 kishiga yetdi, kamida 4300 kishi jabrlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligiga tayanib.
Sog‘liqni saqlash vaziri Karlos Alvaradoning maʼlum qilishicha, 235 ga yaqin kishi tibbiyot muassasalariga hayotiy belgilarsiz olib kelingan yoki yetib kelgach vafot etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, minglab odamlar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotgani bois qurbonlar va jabrlanganlar soni ortishi ehtimoli bor.
Eslatib o‘tamiz, magnitudasi 7,2 va 7,5 ga teng bo‘lgan zilzilalar 24-iyun kuni kechqurun bir daqiqa farq bilan sodir bo‘lgan. Ularning epitsentrlari mamlakatning shimoliy qirg‘og‘ida, Moron shahridan g‘arbda, 10–22 kilometr chuqurlikda joylashgan. Bu zilzilalar mamlakat tarixida so‘nggi yuz yildan ortiq vaqt ichidagi eng kuchlilaridan biri bo‘lib, butun mintaqada, jumladan, Braziliyaning Amazoniya hududlarida ham sezilgan.
Eng katta talafotlar mamlakatning asosiy aeroporti joylashgan La-Guayra sohilbo‘yi mintaqasida qayd etilgan. Aeroport shikastlangani tufayli vaqtincha yopilgan. Qutqaruv xizmatlari eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga safarbar etilgan, biroq mahalliy aholi og‘ir texnika yetishmasligi va vayronalarni o‘zlari tozalashga urinayotgani haqida xabar bergan.
Guvohlar vayronagarchilik joylaridagi tartibsiz vaziyatni tasvirlab bergan: xarobalar ostidan jabrlanganlar, jumladan, bolalar va hayvonlar olib chiqilayotgan edi. Ayrim hollarda qutqaruvchilar beton plitalar ostidan tirik qolganlarni topib, ularni ozod qilishga harakat qilgan.
Zilzila paytida ko‘plab venesuelaliklar uyda bo‘lgan – o‘sha kuni mamlakat Simon Bolivar armiyasi ispan qo‘shinlari ustidan g‘alaba qozonib, Venesuela mustaqilligini taʼminlagan Karabobo jangi (1821) bayrami nishonlayotgan edi.
Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga boshqa mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar ham jalb qilinmoqda. Xususan, AQSH 150 million dollar moliyaviy yordam ajratishini eʼlon qildi va Venesuelaga o‘zining qidiruv-qutqaruv guruhlarini yubormoqda.
“Qurbonlar soni ko‘p va zarar miqyosi katta bo‘lishi, falokat esa keng ko‘lamli tus olishi ehtimoli yuqori”, – deya bayonot berdi AQSH Geologiya xizmati. Idora dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 10 mingdan 100 minggacha yetishi mumkinligini taʼkidladi.
“AP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi