Isroil AQSH va Eron muzokaralari fonida Janubiy Livandagi harbiy ishtirokini saqlab qolishini maʼlum qildi

Iyun 25, 2026. 21:00 • 3 daq

29
Isroil AQSH va Eron muzokaralari fonida Janubiy Livandagi harbiy ishtirokini saqlab qolishini maʼlum qildi

TEL-AVIV, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Isroil mudofaa vaziri Israel Kas davom etayotgan diplomatik saʼy-harakatlarga qaramay, Isroil qo‘shinlari Janubiy Livandan olib chiqilmasligini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The Times of Israel” nashriga tayanib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Mudofaa armiyasi (SAHAL) mintaqada qolmoqda va AQSH hozircha Isroildan Livan hududini tark etishni talab qilmayapti.

“Isroil Mudofaa armiyasi tayyor holatda turibdi va biz chekinmaymiz. Biz har qanday holatda ham ketmasligimizni maʼlum qilganmiz. Hozirgi vaqtda esa bu siyosiy yutuqdir. AQSH Isroildan Livanni tark etishni talab qilayotgani yo‘q”, dedi vazir.

Bayonot AQSH va Eron o‘rtasida o‘tkazilayotgan muzokaralar fonida yangradi. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish va doimiy kelishuvga erishish bo‘yicha 60 kunlik muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rishni nazarda tutuvchi anglashuv memorandumini imzolagan. Asosiy bahsli masalalardan biri Livandagi vaziyat bo‘lib qolmoqda.

Eron Livandagi urushni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarining chiqib ketishi uzoq muddatli tinchlikka erishishning zarur shartlari ekanini taʼkidlamoqda. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof Livanda o‘t ochishni to‘xtatish Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish kabi muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi.

Ayni paytda Livan janubida to‘qnashuvlar davom etmoqda. Livan davlat ommaviy axborot vositalari Kfar-Rummana hududida Isroil droni zarbasi oqibatida ikki kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Isroil ommaviy axborot vositalari esa bir nafar isroillik harbiy halok bo‘lganini maʼlum qildi.

Isroil va Livan AQSH vositachiligida xavfsizlik masalalari hamda Isroil kuchlarining ehtimoliy chiqib ketishi yuzasidan muzokaralarni davom ettirmoqda. Isroil hududlarni bosqichma-bosqich Livan armiyasi nazoratiga topshirishni taklif qilmoqda. Livan armiyasi esa “Hizbulloh” faoliyat yuritgan hududlarda nazoratni o‘z qo‘liga olishi kerak. Biroq mazkur guruh muzokaralarda ishtirok etmayapti.

Qo‘shimcha kelishmovchiliklar AQSH Davlat departamenti vakilining Isroil Livan hukumatiga nisbatan yaxshi niyat belgisi sifatida bufer hududdan qo‘shinlarining bir qismini chiqargani haqidagi bayonotidan keyin yuzaga keldi. Amerika tomonining taʼkidlashicha, bu qadam hududlar ustidan nazoratni Livan armiyasiga topshirish va “Hizbulloh”ning qurolli infratuzilmasini bartaraf etish mexanizmining bir qismi bo‘lishi kerak.

Biroq Isroil va Livan rasmiylari qo‘shinlarning chiqarilgani haqidagi maʼlumotlarni rad etdi. Isroil mudofaa idorasining yuqori lavozimli vakili mamlakat siyosati o‘zgarmaganini va bufer hududdan qo‘shinlarni olib chiqish rejalashtirilmayotganini bildirdi.

“The Jerusalem Post”nashrisurati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish