O‘zbekiston va Iroq savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘ymoqda

Iyul 25, 2026. 14:30 • 2 daq

92
O‘zbekiston va Iroq savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘ymoqda
O‘zbekiston va Iroq savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘ymoqda
O‘zbekiston va Iroq savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘ymoqda
O‘zbekiston va Iroq savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘ymoqda

BAG‘DOD, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi diplomatlari xizmat safari bilan Iroqda bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida Iroq tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muhammad Husayn Bahrululum, Savdo vazirligi, Milliy investitsiyalar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi hamda Iroq Kurdiston mintaqaviy hukumati rahbariyati vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlarda davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini taʼminlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ikki tomonlama shartnoma-huquqiy bazani mustahkamlash, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston–Iroq hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish, savdo-iqtisodiy hamkorlikka oid huquqiy hujjatlarni kelishish jarayonini jadallashtirish, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda muntazam siyosiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Shuningdek, har ikki mamlakatda pilot investitsiya loyihalarini amalga oshirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish, ustuvor investitsiya yo‘nalishlari bo‘yicha axborot almashish va 2027-yilda Bag‘dod shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro ko‘rgazma doirasida navbatdagi O‘zbekiston–Iroq biznes-forumini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda Bag‘dod va Erbil shaharlarida O‘zbekiston Savdo uylarini ochish, milliy mahsulotlarni Iroq hamda Ko‘rfaz mamlakatlari bozorlariga yetkazib berishni kengaytirish, bojxona va transport-logistika sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Shu munosabat bilan Iroqning “Al-Qalab” kompaniyasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ vakillari ishtirokida onlayn muzokara tashkil etildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida institutsional hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Iroq–O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish, biznes-forumlar, B2B formatida uchrashuvlar va biznes-missiyalarni muntazam o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tashrif yakunlariga ko‘ra, tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish, qo‘shma loyihalarni jadal amalga oshirish hamda O‘zbekiston va Iroq o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini izchil rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish