Donald Tramp AQSHning 60 ta savdo hamkoriga nisbatan yangi import bojlarini joriy qildi
Iyul 25, 2026. 13:00 • 3 daq
• 92
VASHINGTON, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH 25-iyuldan boshlab 60 ta davlat va iqtisodiy hududdan import qilinadigan tovarlarga 10 va 12,5 foizlik yangi boj tariflarini joriy qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vashington mazkur choralarni taʼminot zanjirlarida majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi kurash bo‘yicha hamkor davlatlar saʼy-harakatlarini yetarli emas, deb baholayotgani bilan izohlamoqda.
Yangi tariflar muddati tugagan vaqtinchalik 10 foizlik import bojlari o‘rnini egalladi. Shuningdek, ular AQSH Oliy sudi avval joriy etilgan ayrim javob tariflarni bekor qilganidan keyin Donald Tramp maʼmuriyatining savdo siyosati doirasidagi ilk yirik tashabbusi bo‘ldi.
Boj tariflari 1974-yilgi AQSH Savdo to‘g‘risidagi qonunining 301-moddasi asosida joriy etildi. AQSH Savdo vakili boshqarmasi (USTR) maʼlumotlariga ko‘ra, ular mamlakat importining taxminan 99,4 foizini qamrab oladi, biroq barcha turdagi tovarlarga tatbiq etilmaydi.
Xususan, neft va gaz, o‘g‘itlar, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, strategik ahamiyatga ega minerallar, samolyotlar va ularning butlovchi qismlari, shuningdek, avvaldan boshqa asoslar bo‘yicha bojlar qo‘llanilayotgan avtomobillar, po‘lat, alyuminiy va boshqa mahsulotlar yangi tariflar doirasiga kiritilmagan.
10 foizlik tarif Kanada, Buyuk Britaniya, Hindiston, Meksika, Malayziya, Pokiston, Indoneziya, Bangladesh va yana bir qator davlatlar mahsulotlariga nisbatan qo‘llaniladi. 12,5 foizlik boj esa Xitoy, Rossiya, Vyetnam hamda yana 35 ta davlat uchun belgilandi. Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Shveysariya va Tayvan uchun esa amaldagi bojlar hisobga olinganda umumiy tarif yuki 10–12,5 foizni tashkil etadi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida yangi ro‘yxatga faqat Qozog‘iston kiritilgan bo‘lib, ushbu mamlakat mahsulotlariga nisbatan 12,5 foizlik import boji joriy etildi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston mazkur ro‘yxatdan o‘rin olmagani bois, ularning AQSHga eksportiga nisbatan yangi cheklovlar tatbiq etilmaydi.
Vashingtonning bayonot berishicha, yangi choralar majburiy mehnat yordamida ishlab chiqarilgan tovarlar importiga qarshi kurashga qaratilgan.
“Qo‘shma Shtatlar qariyb bir asrdan buyon bunday importni taqiqlab keladi va bunga amal qiladi. Savdo sheriklarimiz ham shunday yo‘l tutishining vaqti keldi”, – deya AQSH savdo vakili Jeymson Grirning so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Reuters” agentligi.
Donald Tramp maʼmuriyatiningmazkur qarori xalqaro maydonda tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Xitoy bir tomonlama tariflar joriy etilishiga qarshi chiqqan bo‘lsa, Avstraliya, Braziliya va Norvegiya ushbu choralarni asossiz deb baholamoqda. Yevropa Ittifoqi esa Vashington avval kelishilgan boj stavkalari bo‘yicha belgilangan yuqori chegaralarni saqlab qolganini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi