Tokioda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Iyul 25, 2026. 13:30 • 2 daq
• 7
TOKIO, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan jadidlar harakati namoyondasi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yillik yubileyi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir Tokio xorijiy tillar universiteti, “Mitsubishi” jamoat fondi hamda yetakchi jadidshunos olim, professor Xisao Komatsu ko‘magida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Yaponiya va Turkiyadan kelgan yetakchi olimlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda olimlar Markaziy Osiyo davlatlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jadidlar merosini chuqur o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni muhokama qildi.
Ishtirokchilar Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Taʼkidlanganidek, Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zbek xalqining buyuk maʼrifatparvari, jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, yozuvchi, dramaturg, publitsist va jamoat arbobidir. U o‘z hayotini xalqni ilm-maʼrifatli qilish, taʼlim tizimini isloh etish va milliy taraqqiyot g‘oyalarini targ‘ib qilishga bag‘ishlagan.
Behbudiy 1875-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U yoshligidan diniy va dunyoviy ilmlarni puxta o‘zlashtirib, arab, fors va turk tillarini mukammal o‘rgangan. Keyinchalik jadidchilik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, yangi usuldagi maktablarni tashkil etish, zamonaviy taʼlimni yo‘lga qo‘yish va yosh avlodning bilimli bo‘lib voyaga yetishiga katta hissa qo‘shgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy ijod sohasida ham salmoqli meros qoldirgan. Uning “Padarkush” dramasi o‘zbek adabiyotidagi ilk dramatik asarlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, u gazeta va jurnallarda xalqning maʼrifati, ilm-fan, milliy taraqqiyot va ozodlik g‘oyalariga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalar yozgan. Bundan tashqari, sayohatnomalar, darsliklar va publitsistik asarlar yaratib, xalqni zamonaviy bilimlarni egallashga daʼvat etgan.
Tadbir doirasida maxsus kitoblar ko‘rgazmasi hamda “Mahmudxo‘ja Behbudiy” filmi namoyish etildi. Diplomatlar yaponiyalik ijodkorlarga o‘zbek jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan 20 dan ortiq filmlar to‘plamini taqdim etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi