Karachi shahrida O‘zbekiston-Pokiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi

Sentabr 06, 2026. 10:30 • 2 daq

191
Karachi shahrida O‘zbekiston-Pokiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi

KARACHI, 6-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Karachi shahrida O‘zbekiston-Pokiston biznes forumi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotgan biznes vakillari, hamda farmatsevtika, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbari va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev kirish nutqi bilan ochib berdi. Elchi o‘z maʼruzasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash choralari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari to‘g‘risida to‘xtaldi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni anʼanaviy savdo aloqalari bilan cheklab qolmasdan, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, texnologik hamkorlikni rivojlantirish hamda uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda eksportni yo‘lga qo‘yish muhimligi taʼkidlandi.

Forumning ikkinchi qismida O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va xorijiy investorlar uchun mavjud imkoniyatlarga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Taqdimotda mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy va sanoat zonalari, investorlarga berilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari, yer maydonlarini ajratish mexanizmlari, xomashyo bazasi, malakali mehnat resurslari hamda Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga chiqish imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tildi.

Farmatsevtika sohasida dori vositalari, tibbiy buyumlarni hamda to‘qimachilik yo‘nalishida ip-kalava, mato va tayyor kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligida esa mahsulotlarni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlashga qaratilgan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozlarga eʼtibor qaratildi.

Ishtirokchilar O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ishlab chiqarish uchun yer maydonlarini ajratish, zarur ruxsatnomalarni olish, olingan foydani xorijga erkin o‘tkazish, bank hisob-kitoblarini amalga oshirish hamda transport-logistika masalalari bo‘yicha savollariga diplomatlardan batafsil javob oldilar.

Pokiston kompaniyalari O‘zbekistonning sarmoya muhiti va mintaqaviy bozorlarga chiqish salohiyatini yuqori baholab, aniq loyiha takliflarini o‘rganish, mahalliy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish istagini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish