O‘sh shahrida O‘zbekistonning eksport salohiyatini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Iyul 04, 2026. 17:30 • 2 daq

228
O‘sh shahrida O‘zbekistonning eksport salohiyatini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘SH, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi diplomatlari Qirg‘izistonning yirik importchi korxonalaridan biri — “Ali Group Company” MCHJ bosh direktori Bahodir Ahmadjonov va menejeri Alisher Ahmadjonov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda qayd etilishicha, birgina joriy yilning may oyida O‘zbekistondan Qirg‘izistonga umumiy qiymati 235 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan qandolat mahsulotlari eksporti ta’minlandi. Hozirgi vaqtda “Ali Group Company” kompaniyasining O‘zbekiston bilan yillik o‘rtacha savdo aylanmasi 2 million dollarni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, mazkur kompaniya yurtimizda energetika sohasida ham faol ish olib bormoqda. Xususan, shu kunlarda kompaniya tomonidan Namangan viloyatida quyosh panellarini o‘rnatish va “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.

Muloqot davomida qirg‘izistonlik tadbirkorlarga O‘zbekistonda mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar, o‘z mahsulotini xorijga eksport qiluvchi korxonalar uchun davlat tomonidan berilayotgan keng ko‘lamli imtiyoz va preferensiyalar borasida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Uchrashuvda Qirg‘iziston tomoni Namanganning “Panda Sanoat Savdo” MCHJ va Toshkent shahrining “Confe” MCHJ mahsulotlarini Qirg‘iziston bozorida keng reklama qilish hamda ularning tizimli eksportini yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu korxonalarning rasmiy distribyutori bo‘lish istagini bildirdi.

Shuningdek, bugungi kunda Qirg‘izistonda keng miqyosda olib borilayotgan qurilish ishlari munosabati bilan metall armaturaga bo‘lgan ehtiyoj yuqori ekanligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida o‘zbek mahsulotlarining Qirg‘iziston bozoridagi ulushini yanada oshirish maqsadida yaqin istiqbolda “Ali Group Company” MCHJ delegatsiyasining O‘zbekistonga ishchi tashrifini tashkil etish hamda “O‘zmetkombinat” AJ, “Panda Sanoat Savdo” va “Confe” korxonalari rahbariyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri biznes-muloqotlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish