O‘zbekiston Prezidenti raisligida Toshkent shahri va Sergeli tumanini rivojlantirish hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari muhokama qilindi
Iyul 04, 2026. 17:27 • 7 daq
• 41
TOSHKENT, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi yillarda Sergeli tumanida katta o‘zgarishlar amalga oshganini ta’kidladi. Yaqin-yaqingacha poytaxtning chekka hududi hisoblangan Sergelida aholi ishlash, daromad topish, dam olish va tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun asosan shahar markaziga borishga majbur edi.
Bugun esa tumanda muhit va odamlarning yashash tarzi tubdan o‘zgardi. So‘nggi o‘n yilda bu yerda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 million kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va servis obyektlari barpo qilindi.
Tadbirkorlar soni 2,5 mingtadan 6 ming 200 taga ko‘paydi. Tumanda shakllangan byudjet tushumlari 382 milliard so‘mdan 2 trillion 200 milliard so‘mga, ya’ni 5,5 barobar oshdi. Aholi uchun 5 ta yirik dam olish maskani va istirohat bog‘lari ishga tushirildi.
Toshkent viloyatidan o‘tgan 13 ta mahalla hisobidan Sergeli tumani hududi 1 ming 800 gektarga kengayib, jami 5,6 ming gektarga yetdi. Tumanni boshqa hududlar va shahar markazi bilan bog‘laydigan 9 kilometrlik yo‘l, 8 ta stansiyadan iborat yangi metro liniyasi bunyod etildi.
Maktab o‘rinlari 25 mingdan 38,5 mingga, bog‘cha o‘rinlari 7,5 mingdan 15,5 mingga ko‘paydi. 50 ta davlat va xususiy klinika ochildi.
Shu bilan birga, transport, yo‘l, elektr, suv va kanalizatsiya kabi infratuzilma tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha yechimini kutayotgan masalalar hali ko‘pligi ta’kidlandi.
Aholini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha dastlabki natijalar Sergeli tumanidagi real vaziyatni aniq ko‘rsatdi. Ilgari tuman aholisi 181 ming nafar deb yuritilgan bo‘lsa, xatlov natijasiga ko‘ra, hududda aslida 236 mingga yaqin aholi yashayotgani ma’lum bo‘ldi. Yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming nafardan ortishi kutilmoqda.
Shu bois, rahbarlarda uy-joy, bog‘cha, maktab, poliklinika va ish o‘rinlarini aholi o‘sishiga mos ravishda ko‘paytirish bo‘yicha hozirdan aniq reja va dastur bo‘lishi zarurligi bildirildi.
Bu yil Sergelini rivojlantirish uchun byudjetdan 173 milliard so‘m, banklar orqali 2 trillion 200 milliard so‘m resurs ajratilgan. Tuman hokimi va mutasaddilarga ushbu mablag‘larni samarali ishlatib, qo‘shilgan qiymatni 2-3 karra oshirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilda poytaxt tumanlari jami 9 milliard dollarlik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishi belgilangan. Sergelining o‘ziga o‘tgan besh oyda 236 million dollar investitsiya kiritildi. Yil yakunigacha 60 ta loyihani boshlash hisobidan yana 750 million dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Poytaxt sharoitida sanoat loyihalarini joylashtirishda yer masalasi eng katta muammo ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, “Yangi avlod” sanoat zonasidan poytaxtning 12 ta tumaniga joy ajratish hamda investitsiya, sanoat, ish o‘rni, eksport va byudjet tushumi ko‘rsatkichlarini loyiha qilgan tumanning o‘ziga yozish tizimini joriy etish topshirildi.
Yig‘ilishda yer ustidan o‘tgan metro yo‘nalishi ostida savdo va servis obyektlarini tashkil etish tajribasi ham ko‘rib chiqildi. Bunda davlat yerdan foydalanish huquqini auksionga chiqarib, loyiha va infratuzilmasini tayyorlab beradi, qolganini tadbirkorlar amalga oshiradi.
Sergelida metro liniyasining yana 8,5 kilometr qismida shunday ishlar yakuniga yetkazilsa, 137 ta savdo-servis obyekti, 1-1,5 mingta ish o‘rni yaratiladi, tuman byudjetiga 20-25 milliard so‘m qo‘shimcha tushum tushadi.
Umuman, yer usti metro liniyasining Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 23 kilometr hududida bunday loyihalar amalga oshirilsa, yana 400 ta tadbirkor biznes boshlab, 3 mingta ish o‘rni yaratishi mumkin.
Yerlarni qurilishga ruxsat, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan birga tayyor paket shaklida auksionga chiqarish bo‘yicha Sergelida yangi tajriba boshlandi. Davlatimiz rahbari mazkur tajribani nafaqat yer uchastkalari, balki sotuvga qo‘yilayotgan davlat obyektlari va sanoat zonalariga ham tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.
Toshkent viloyati hududidan olti yil oldin Sergeliga qo‘shilgan 13 ta mahallada 14,5 ming xonadon bor, ularda 50 mingdan ortiq aholi yashaydi. Lekin bu hududlar aholisi haligacha shahar muhitini to‘liq his qilgani yo‘q.
Mazkur mahallalarda yoritish uchun 629 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, kabel tortilgan. Ammo tizim hali ishga tushmagani tanqid qilindi. Mutasaddilarga o‘n kun muddatda ushbu masalani hal qilish topshirildi. Shuningdek, yil yakunigacha ushbu mahallalarni kanalizatsiya tarmog‘iga to‘liq ulash vazifasi qo‘yildi.
Sergeli tumanida aholi va tadbirkorlarning soni oshgani sababli elektr energiyasiga yillik talab besh yilda 40 foizga ko‘paydi. Ayrim mahallalarda elektr kuchlanishi me’yordan 1,5-2 barobar pastligi qayd etildi.
“Shaharoldi”, “O‘zgarish” va “Qumariq” nimstansiyalarini ishga tushirish uchun jami 107 milliard so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga ushbu obyektlarni aniq muddatlarda ishga tushirish va aholiga kafolatli elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Umuman, poytaxtning Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlariga o‘tgan 46 ta mahallada elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘l bo‘yicha birorta hal etilmagan masala qolmasligi kerakligi ta’kidlandi.
Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini qiynab kelayotgan yana bir masala – suv tozalash inshooti atrofidagi badbo‘y hiddir. Mutasaddilarga 1 sentyabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini o‘rnatib, mazkur muammoni bartaraf etish topshirildi.
Kelgusi yildan Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan Quyi Chirchiq tumanida quvvati 300 ming kub metr bo‘lgan zamonaviy suv tozalash inshooti qurilishi boshlanadi. Buning hisobidan Sergelidagi suv tozalash inshootiga yuklama keskin kamayadi.
Joriy yil aholiga qulaylik yaratish maqsadida Sergelining asosiy 23 kilometr yo‘lida harakat xavfsizligi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Chorrahalarga 455 ta “aqlli” svetofor o‘rnatiladi, 150 ta avtobus bekati yangilanib, 10 ming o‘rinli avtoturargoh tashkil qilinadi.
Kelasi yil Yangi Sergeli ko‘chasida avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lak qurish rejalashtirilgan. Bu yo‘lak Shota Rustaveli ko‘chasi bilan bog‘lanadi. Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlarini poytaxtning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Toshkent halqa yo‘lidagi yangi ko‘prik qurilishini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Yil boshidan buyon Toshkent shahriga qariyb 3 million xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Ularning ko‘pchiligi tarixiy obidalar, istirohat bog‘lari, bozorlar, kafe-restoranlar va turistik mahallalarga piyoda borib, xotirjam sayr qilishni istaydi.
Buning uchun yo‘l ko‘rsatkichlari, qulay marshrutlar va raqamli xaritalar zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga avtobus bekatlari, vokzal, aeroport va metro stansiyalarida sayyohlar uchun shahar marshrutlarini ko‘rsatuvchi, telefonga bepul va oson yuklab olinadigan xaritalarni joriy etish topshirildi.
Shuningdek, poytaxt mehmonlari va sayrga chiqqan aholi uchun hojatxonalar yetishmasligi qayd etildi. Bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqib, shu yilning o‘zida har bir tumanda 15-20 ta zamonaviy hojatxona qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi. Chiqindi qutilarini keskin ko‘paytirish bo‘yicha ham choralar ko‘riladi.
Sergelidagi ayrim maktablar quvvatidan 1,5-2 karra yuqori yuklamada ishlamoqda. Yig‘ilishda maktablarda o‘quvchi o‘rnini 2 karra ko‘paytirish imkonini beradigan yangi tipdagi maktablar qurish loyihasi taklif qilindi.
Yangi loyihaga ko‘ra, sport zali, oshxona va ustaxona yerto‘lada joylashadi, yuqori qavatlardan esa sinfxonalar sifatida foydalaniladi. Bu yil Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan maktab va bog‘chada ushbu yondashuvni joriy etib, “poytaxt tajribasi”ni yaratish topshirildi.
Poytaxtda aholi va turistlar uchun salqin mikroiqlim yaratish maqsadida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish ishlari boshlanmoqda. Shundan 3 tasi Sergelida – Qo‘shqo‘rg‘on, Sultonobod va Farog‘atli mahallalarida jami 22 gektar maydonda tashkil etiladi.
Ushbu ko‘llarni poytaxt iqlimini mo‘tadil saqlashga, odamlar piyoda sayr qilib, hordiq chiqarishiga xizmat qiladigan maskanlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, “Jo‘n” kanalining Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 5 kilometr qismini betonlashtirish boshlangani qayd etildi. Sergeli va Yangihayot tumanlari hokimlariga yil yakunigacha kanal bo‘yida sayilgoh va salomatlik yo‘lagini tashkil etish topshirildi.
Yig‘ilishda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha poytaxt namunasini yaratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Poytaxt tumanlariga respublika rahbarlari biriktirilgani o‘z natijasini berayotgani ta’kidlandi.
Olti oyda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar kamaydi. 230 ta mahallada jinoyat sodir etilmadi, 332 ta mahallada jinoyat keskin qisqardi. Kriminogen vaziyati tashvishli mahallalar soni 60 tadan 23 taga tushdi. Bu shaharda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar samara berayotganini ko‘rsatmoqda.
Sergeli tumanida ham xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha ijobiy natijalar qayd etildi. Kriminogen vaziyati og‘ir deb baholangan 29 ta mahalla “yashil” toifaga o‘tdi. 17 ta mahallada jinoyat sodir etilmadi. Sergeli bu borada Toshkent shahri tumanlari orasida eng yaxshi natijalardan birini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbari O‘zgarish mahallasidagi profilaktika ishlari bo‘yicha tajribani ommalashtirish, tumandagi qolgan 46 ta mahallani “yashil” toifaga o‘tkazish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda hokimlar va mas’ullarning axboroti tinglandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi