O‘zbekiston va Shri-Lanka o‘rtasida manfaatli loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi

Iyul 13, 2026. 10:30 • 2 daq

84
O‘zbekiston va Shri-Lanka o‘rtasida manfaatli loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi

TOSHKENT, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Shri-Lanka tashqi ishlar, xorijiy bandlik va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Aruni Ranaraja yurtimizga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yana-da kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiruvchi imkoniyatlarga ega ekanini qayd etib, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Jumladan, turizm sohasida o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligida tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, qimmatbaho toshlar savdosi, transport va logistika tizimlarini rivojlantirish, farmatsevtika sanoati hamda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish sohalarida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha fikr almashildi.

Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish maqsadida Qo‘shma hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Bunday tuzilmalar investitsiyaviy va savdo loyihalarini muvofiqlashtirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish