O‘zbekiston–Xitoy hududlararo yangi investitsiyaviy kelishuvlar muhokama qilindi
Iyul 07, 2026. 15:30 • 2 daq
• 160CHANSHA, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Xunan provinsiyasida O‘zbekiston–Xitoy hududlararo iqtisodiy hamkorligini kengaytirishga qaratilgan forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Guanchjou shahridagi bosh konsuli Sultonbek Imomov ham mazkur xalqaro forum doirasida tashkil etilgan qator tadbirlarda ishtirok etdi.
Forum davomida O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlariga oid keng qamrovli taqdimot namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilariga, jumladan, provinsiya hukumati va 300 nafardan ortiq kompaniya vakillariga mamlakat iqtisodiy o‘sishining asosiy ko‘rsatkichlari hamda izchil islohotlarning borishi to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida B2B formatidagi muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xunan provinsiyasining yetakchi kompaniyalari bilan uchrashuvlarga alohida eʼtibor qaratildi. Muzokaralar chog‘ida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning hozirgi holati, shuningdek, qurilish, muhandislik, farmatsevtika va “yashil” sanoat sohalarida yangi sarmoyaviy kelishuvlar tuzish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Bundan tashqari, provinsiya markazida Tashqi ishlar idorasi va Xalqaro savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar hududlararo savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da faollashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rib chiqdi.
Tadbirlar davomida bir qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, viloyat hokimliklari vakillarining Xitoyga bo‘lajak tashriflari doirasida uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Shu bilan birga, joriy yil sentyabr oyida Chansha shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro forum doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy va eksport salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlarni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



