“OPEK+”ga a’zo yetti davlat avgust oyidan neft qazib olish hajmini oshirmoqchi
Iyul 06, 2026. 21:00 • 2 daq
• 90
TOSHKENT, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. “OPEK+” kelishuvining yetti ishtirokchi davlati, jumladan, Qozog‘iston Iroqning neft qazib olish kvotasini oshirishga doir chaqirig‘idan so‘ng avgust oyidan qazib olish hajmini sutkasiga 188 ming barrelga oshirishga qaror qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Al Jazeera” telekanaliga tayanib.
Tegishli qaror jahon neft bozori holati va istiqbollarini baholashga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish yakunlariga ko‘ra qabul qilindi.
Qazib olish hajmini oshirishda Saudiya Arabistoni, Rossiya, Iroq, Quvayt, Qozog‘iston, Jazoyir va O‘mon ishtirok etadi. Bu “OPEK+”ga a’zo mamlakatlari tomonidan 2023-yilda joriy etilgan ixtiyoriy cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilishni davom ettirayotgan qatorasiga beshinchi oylik o‘sishdir.
Alyansning rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, ishtirokchilar jahon bozoridagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va zarurat tug‘ilganda qazib olish hajmini yanada oshirish, to‘xtatib turish yoki bekor qilish choralarini ko‘radi. Ixtiyoriy cheklovlarda qatnashayotgan mamlakatlarning navbatdagi yig‘ilishi 2-avgustga rejalashtirilgan.
Bu qaror Eron atrofidagi mojarodan so‘ng jahon neft bozorining asta-sekin barqarorlashuvi fonida qabul qilindi. Bahorda neft kotirovkalarining keskin o‘sishidan keyin narxlar harbiy harakatlar boshlanishidan oldin kuzatilgan darajaga qaytdi. Bunga ziddiyatning uzoq muddatda pasayishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovining tiklanishi kutilayotgani zamin yaratdi.
Shu bilan birga, tahlilchilar qazib olish hajmining yangidan oshirilishi bozorga amalda cheklangan ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etmoqda. So‘nggi oylarda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashishdagi uzilishlar tufayli neft eksporti cheklanib qolgandi. Shu sababli yetkazib berishning real hajmlari tasdiqlangan kvotalardan sezilarli darajada farq qilgan. Kema qatnovi tiklangani sari neft taklifi asta-sekin ortib, jahon narxlariga bosim o‘tkazmoqda.
Shu fonda “OPEK+” doirasida alyansning kelgusi hamkorligi yuzasidan savollar saqlanib qolmoqda. May oyidan BAA bu qarorini mustaqil ravishda qazib olishni ko‘paytirish istagi bilan izohlab, “OPEK+” kelishuvidan chiqqan edi. Ayni vaqtda Iroq amaldagi kvotalar tizimidan noroziligini bildirib va neft eksportini oshirishga intilib, cheklovlar mexanizmidan chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan edi. Bag‘dod bu masala bo‘yicha hali rasmiy qaror qabul qilgani yo‘q.
“Bloomberg” AA surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi