Aleksandr Trembiskiy: Samarqand — tajriba almashish va dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ajoyib maydon

Sentabr 05, 2026. 18:00 • 3 daq

98
Aleksandr Trembiskiy: Samarqand — tajriba almashish va dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ajoyib maydon
“Dunyo” AA olgan surat

SAMARQAND, 5-sentabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya Federatsiyasi senatori Aleksandr Trembiskiy “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida Samarqandda o‘tkazilayotgan “Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida” mavzusidagi Yosh parlament aʼzolarining XII Global konferensiyasi ahamiyati hamda O‘zbekiston Prezidentining parlamentarizmni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Bugungi kunda xalqaro hamkorlikning parlament yo‘nalishi tobora muhim ahamiyat kasb etayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, Rossiya Federatsiyasi, O‘zbekiston va boshqa davlatlarning yosh parlament aʼzolari o‘rtasidagi hamkorlik alohida qimmatga ega. Bu tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda yangi kasbiy va shaxsiy aloqalarni o‘rnatish uchun ajoyib maydondir.

Ko‘ndalik ish jarayonida parlament aʼzolarida keng qamrovli masalalar bo‘yicha mazmunli muloqot qilish va fikr almashish uchun hamisha ham vaqt yetiravermaydi. Bu kabi xalqaro maydonlar esa ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qiladi. Bu yerda muloqot uchun haqiqatan ham samarali muhit yaratilgan va biz forumning barcha tadbirlarida katta mamnuniyat bilan ishtirok etmoqdamiz.

O‘zbekistonda parlamentarizmni rivojlantirish masalasiga to‘xtalganda, bu jarayonni faqat ijobiy baholash mumkin. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro muloqotni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan bir qator rezolyutsiyalarning qabul qilinishi, shuningdek, Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro parlament muloqotida roli ortib borayotganidan dalolat beradi.

Albatta, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida oliy darajadagi yaqin hamkorlik ham muhim rol o‘ynamoqda. Davlatlarimiz yetakchilari doimiy muloqotda bo‘lib, ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirib kelayotganini ko‘rib turibmiz. Yaqinda ular Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida birgalikda ishtirok etdilar. Oliy darajadagi bunday muloqotlar barcha sohalarda, jumladan, parlament yo‘nalishida ham hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Biz bir-birimizni bejiz umumiy tarix, madaniyat va ko‘p yillik insoniy aloqalar bilan bog‘langan qardosh xalqlar deb atamaymiz. Bugungi kunda ushbu sheriklik parlament darajasida ham yangi mazmun bilan boyimoqda. Rossiya va O‘zbekiston yosh parlament aʼzolarining faol hamkorligi ushbu jarayonning muhim qismi bo‘lib, tajriba almashish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

“Dunyo” AA olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish