Smita Pant: Hindiston va O‘zbekiston munosabatlari haqida so‘z ketganda, hatto osmon ham sarhad bo‘la olmaydi
Avgust 30, 2026. 09:10 • 6 daq
• 108
TOSHKENT, 30-avgust. /“Dunyo” AA/. Hindiston elchisi Smita Pant Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining joriy yil 29-avgust kuni boshlangan davlat tashrifi arafasida “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.
– Elchi xonim, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot sezilarli darajada faollashdi. O‘zaro hamkorlikning eng muhim natijalari nimalardan iborat, bugungi kunda Toshkent va Dehli uchun qaysi yo‘nalishlar ustuvor hisoblanadi?
– Menimcha, Hindiston va O‘zbekiston munosabatlari haqida so‘z ketganda, hatto osmon bizga sarhad bo‘la olmaydi, chunki hamkorligimiz ko‘p qirralidir. Bizni asrlar qaʼriga borib taqaladigan tarixiy va sivilizatsiyaviy aloqalar bog‘lab turadi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam madaniy-maʼnaviy rishtalar baquvvat poydevor vazifasini o‘taydi.
Bundan tashqari, savdo va investitsiyalar, fan va texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik ham rivoj topmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonga minglab hindistonlik yoshlar taʼlim olish uchun kelmoqda. Shuningdek, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, startaplar va qishloq xo‘jaligi sohalarida birgalikda ishlamoqdamiz.
Davlatlarimiz o‘zaro strategik sheriklik ahamiyatini yaxshi anglab, uni qadrlaydi. Endi esa, uni yana-da yuqori bosqich - keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish istiqbollarini ko‘rib chiqmoqdamiz. Uning markazida inson manfaatlariga yo‘naltirilgan siyosat turadi, yaʼni har ikki mamlakat xalqlari uchun foydali bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutiladi. Menimcha, bu juda muhim.
Davlatlarimiz rahbarlari o‘zaro aloqalarni mazmunan boyitish va yanada faollashtirish, jumladan, barqaror rivojlanish masalalariga ham katta eʼtibor qaratib kelishadi.
Xususan, O‘zbekistonda «Yashil makon» loyihasi amalga oshirilmoqda. Bizda esa «Ona uchun daraxt ek» deb nomlangan loyiha mavjud. Har ikki loyihada ham millionlab daraxtlarni ekishga qaratilgan ezgu maqsad mujassam.
Bu saʼy-harakatlarda o‘zaro to‘ldiruvchanlik ruhi mavjud. Chunki biz Global Janub mamlakatlarimiz, aholimiz yosh, rahbarlarimiz uzoqni ko‘zlab siyosat yuritadi. Biz barqaror rivojlanish g‘oyalariga sodiqmiz.
Davlatlarimiz yetakchilari tez-tez uchrashib turishadi. Hurmatli Bosh vazirimizning O‘zbekistonga tashrifi shular jumlasidandir. Bu bizga turli dolzarb masalalarni muhokama qilish imkonini beradi. O‘zaro hamkorlik bo‘yicha kun tartibimiz juda keng bo‘lib, unda mamlakatlarimiz xalqlarining manfaatlariga alohida eʼtibor qaratilgan.
– Savdo-iqtisodiy aloqalar ikki tomonlama sheriklikning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Sizningcha, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo hajmining o‘sishida qaysi sohalar yangi drayverlarga aylanishi mumkin?
– Taʼkidlash lozimki, o‘zaro savdo aloqalari izchil rivojlanmoqda. Xususan, ushbu ko‘rsatkich 1,3 milliard dollardan oshdi, biroq bu yo‘nalishdagi salohiyatimiz ancha yuqori. Ikki davlat rahbarlari savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadini belgilagan edi. Transport-logistika sohasidagi imkoniyatlar cheklanganiga qaramasdan, ushbu dovondan oshib ketishga erishildi.
Hindiston va O‘zbekiston tabiiy hamkorlardir. O‘zbekistondan bizning mamlakatga, masalan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini hozirgiga nisbatan ancha ko‘proq miqdorda import qilishimiz mumkin. Shuningdek, Hindistondan O‘zbekistonga ko‘plab mahsulotlarni qulay va raqobatbardosh narxlarda yetkazib berish imkoniyati mavjud .
Menimcha, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, mashinasozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika va avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish sohalari tomonlarning eʼtibor markazida bo‘lib qoladigan yo‘nalishlardir. Biroq o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda transport-logistika aloqalari yana-da takomillashgach, o‘zaro savdo aloqalari rivojida keskin o‘zgarish ro‘y beradi.
Menimcha, qo‘shma korxonalar faoliyatini rivojlantirishga eʼtiborni kuchaytirishimiz zarur. Hindistonning qator kompaniyalari bugungi kunda Toshkent farmatsevtika parkiga sarmoya kiritganini taʼkidlashdan mamnunman. Hindiston vakillari boshqa turli sohalarga ham sarmoya yo‘naltirmoqda.
Hindiston tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari miqdori 1 milliard dollardan oshdi. Hamkorligimiz kelajagi savdo-sotiq hajmining oshishi bilan bir qatorda qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish, texnologiyalar transferini kengaytirish, shuningdek, bir-birimizning taʼminot zanjirlarimizning bir qismiga aylanish kabi imkoniyatlarni qamrab oladi.
Menimcha, kelajakdagi o‘sishning asosiy yo‘nalishlari ham aynan shundan iborat bo‘ladi.
– Hindiston farmatsevtika, tibbiyot va raqamlashtirish sohalarida katta tajribaga ega. Sizningcha, Hindiston tajribasining qaysi yo‘nalishlari O‘zbekistonda eng ko‘p talabga ega bo‘lishi va ushbu sohalarda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirishga xizmat qilishi mumkin?
– Ikki mamlakat ham bir-biridan o‘rganishi kerak bo‘lgan ko‘p narsalarga ega, deb hisoblayman. Biz, xususan, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasida to‘plagan boy tajribasidan ko‘p foydali narsalarni o‘rganishimiz mumkin. Hindiston esa, ayniqsa, sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlari bo‘lishishi mumkin.
Biz O‘zbekistonda birinchi IT-parkni tashkil etishda yordam berdik va muayyan rol o‘ynadik. Ushbu jarayonning dastlabki konseptual bosqichida Hindistonning Dasturiy taʼminot texnologiyalari parki tomonidan mutaxassis yuborilgan edi.
– O‘zbekiston va Hindiston BMT, SHHT, Qo‘shilmaslik harakati kabi xalqaro maydonlarda, shuningdek, O‘zbekiston hamkor davlat maqomiga ega bo‘lgan BRIKS doirasida faol sheriklik qilmoqda. «Markaziy Osiyo – Hindiston» va «Global Janub ovozi» kabi formatlar ham muhim ahamiyatga ega. Sizningcha, qanday qo‘shma tashabbuslar O‘zbekiston va Hindistonning xalqaro va ko‘p tomonlama maydonlardagi aloqalariga yangi amaliy turtki berishi mumkin?
– Biz ko‘p tomonlama forumlarda, xoh Birlashgan Millatlar Tashkiloti, xoh Shanxay hamkorlik tashkiloti bo‘lsin, allaqachon juda yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. O‘zbekistonning BRIKSga hamkor davlat sifatida qo‘shilganini ham chin dildan olqishlaymiz. Ayni paytda BRIKSga Hindiston raislik qilayotganini yaxshi bilasiz.
Hindiston va O‘zbekistonning ko‘plab sohalardagi qarashlari mushtarak. Tashqi siyosat masalalaridagi pozitsiyalarimiz va geosiyosiy voqealarga bergan baholarimizda kuchli yaqinlik mavjud.
Biz tinchlik naqadar muhimligi, taraqqiyot qanchalik ahamiyatli ekani, nizolar muzokaralar va diplomatiya yo‘li bilan hal qilinishi kerakligi hamda tinchlik kelajak sari yo‘l ekanini muntazam tarzda taʼkidlab kelamiz.
Davlatlarimiz yetakchilari Hindiston va O‘zbekistonning ko‘p tomonlama formatdagi hamkorligiga juda katta ahamiyat qaratmoqdalar.
Men avvalgi savolingizga yana bir bor qaytmoqchiman. Siz yana nimalar qilish mumkinligi haqida so‘ragan edingiz. Menimcha, hamkorlikning markazida inson manfaatlari turishi kerak. Quvonarlisi, har ikki tomon allaqachon ushbu yo‘nalishda ish olib bormoqda.
Alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir yo‘nalish bor – bu raqamli jamoat infratuzilmasi. O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda allaqachon salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, Hindistonda esa u ulkan miqyosda rivojlanayotgan sohalardan biriga aylangan.
Moliyaviy va raqamli bog‘liqlik masalasini ham ko‘rib chiqish kerak, deb hisoblayman. Chunki O‘zbekistonga Hindistondan sayyohlar oqimi ko‘paymoqda, mamlakatingizda oliy taʼlim olayotgan hindistonlik yoshlar safi kengaymoqda. Shuningdek, ko‘plab o‘zbekistonliklar tibbiy turizm maqsadida Hindistonga borishmoqda.
Haftasiga muntazam o‘zaro aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Toshkent va Haydarobod o‘rtasida yangi aviareys yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu bois ikki mamlakat to‘lov tizimlarining o‘zaro integratsiyasi tufayli to‘lovlarni oson amalga oshirish imkoniyati yaratilsa, menimcha, bu juda yaxshi bo‘lardi.
Sog‘liqni saqlash sohasi ham o‘zaro munosabatlarimiz uchun juda muhim. Ushbu masalaga kompleks yondashish kerak. Gap faqat farmatsevtika haqida ketmayapti. Hindistonda anʼanaviy tibbiyotning juda kuchli tizimi - Ayurveda mavjud. O‘zbekistonda esa Ibn Sino merosiga borib taqaladigan anʼanaviy tibbiyotning katta merosi bor.
Bu borada juda kuchli o‘zaro to‘ldiruvchanlik mavjud. Shuning uchun sog‘liqni saqlashga kompleks yondashuvni ko‘rib chiqishimiz, Ayurveda va anʼanaviy tibbiyot sohalarida yanada yaqin hamkorlikni rivojlantirishimiz zarur.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi