Diana Yanse: O‘zbekiston ulkan islohotlar yo‘lini bosib o‘tmoqda
Iyun 10, 2026. 20:00 • 3 daq
• 102
TOSHKENT, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Shvetsiyaning Xalqaro hamkorlik, taraqqiyot va tashqi savdo vazirligi davlat kotibi Diana Yanse boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida migratsiya va mobillik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjat imzolandi. Mazkur sa’y-harakatlar haqida Shvetsiya delegatsiyasi rahbari Diana Yanse “Dunyo” AAga o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
– O‘zbekistonga ikki tomonlama munosabatlarimizga doir keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilish uchun keldim. Men bilan birga Shvetsiyaning nufuzli ishbilarmonlar delegatsiyasi ham tashrif buyurgan. Shu bois muzokaralarning salmoqli qismi savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Bugun imzolangan migratsiya to‘g‘risidagi bitim alohida ahamiyat kasb etadi. U mamlakatlarimiz o‘rtasida tartibga solingan, xavfsiz va muvofiqlashtirilgan migratsiya oqimlarini ta’minlash bo‘yicha birgalikda ishlash uchun mustahkam zamin yaratadi.
Endi, mutasaddi idoralar oldida ushbu hujjatni amaliy mazmun bilan to‘ldirish vazifasi turibdi. Shvetsiya tomonidan bu ishlarni Adliya vazirligi, O‘zbekiston tomonidan esa tegishli migratsiya idoralari muvofiqlashtiradi. Maqsadimiz – kelishuvning har ikki davlat uchun ham eng yuqori darajada foyda keltirishini ta’minlashdir.
Shuni ta’kidlashni istardimki, migratsiya masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik bugungi kunda konstruktiv ruhda rivojlanmoqda. Bu O‘zbekiston hukumati uchun ham, Shvetsiya hukumati uchun ham ustuvor vazifadir. Biz samarali muloqotni yo‘lga qo‘ya oldik va hamkorlikni davom ettirib, uning amaliy jihatlarini kengaytirish niyatidamiz.
Sarmoyalarga kelsak, bugungi kunda iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlik qilish uchun keng istiqbollar ochilmoqda. Telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash va tog‘-kon sanoati eng istiqbolli yo‘nalishlar sirasiga kiradi, biroq hamkorligimiz salohiyati bular bilangina cheklanib qolmaydi.
Shvetsiya ko‘plab yuqori texnologiyali sohalarda, jumladan, barqaror va ekologik mas’uliyatli tog‘-kon sanoatida yetakchi mavqega ega. O‘zbekiston o‘zining qazib olish sektorini modernizatsiya qilib, yana-da zamonaviy, xavfsiz va ekologik toza texnologiyalarga o‘tayotgani sari shved kompaniyalari ilg‘or yechimlar va ekspert bilimlarini ham, zamonaviy uskunalarni ham taklif qilishga tayyor. Ayni paytda tog‘-kon sanoati uchun texnika ishlab chiqaruvchi bir qator kompaniyalarimiz O‘zbekiston bozorida faol ishlamoqda.
Sog‘liqni saqlash ham istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Shvetsiya hayot haqidagi fanlar sohasida kuchli tadqiqot maktabiga ega va dunyoga mashhur farmatsevtika kompaniyalarining vatanidir. Bu hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratadi.
Biz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. Mamlakat yorqin taassurot qoldiradigan o‘zgarishlar yo‘lini bosib o‘tmoqda va biz uzoq muddatli hamda o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish orqali ushbu jarayonning bir qismi bo‘lishni istaymiz.
Shu bilan birga, biz nafaqat Shvetsiya biznesining O‘zbekistondagi ishtirokini oshirishdan, balki O‘zbekiston eksportining Shvetsiya bozoridagi hajmini oshirishdan ham manfaatdormiz.
Shvetsiyada xalqaro savdoni rivojlantirishga ko‘maklashadigan va eksport imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida o‘zbekistonlik sheriklar bilan allaqachon hamkorlik qilib kelayotgan Milliy savdo kengashi faoliyat yuritadi. Shu bois, biz iqtisodiy hamkorligimizni o‘zaro manfaat va umumiy manfaatlarga asoslangan ikki tomonlama harakat deb bilamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi