Radim Zak: O‘zbekiston tobora oshkora tarzda migratsiya siyosatiga tizimli yondashmoqda

May 18, 2026. 19:25 • 2 daq

61
Radim Zak: O‘zbekiston tobora oshkora tarzda migratsiya siyosatiga tizimli yondashmoqda

TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. Migratsiya siyosati rivoji bo‘yicha xalqaro markaz (ICMPD)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofis rahbari Radim Zak bugun boshlangan Toshkent xalqaro migratsiya forumi doirasida “Dunyo” AA muxbirining mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish bo‘yicha bergan savoliga javob berdi:

­­– Toshkent xalqaro migratsiya forumida ishtirok etish men uchun katta sharaf. Migratsiya siyosati rivoji bo‘yicha xalqaro markazi O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Fikrimcha, O‘zbekiston ICMPDning yaqin hamkori hisoblanadi va migratsiya sohasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Toshkentda tashkil etilgan Migrantlar uchun resurs markazi ham ushbu hamkorlik natijasidir. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi moliyalashtiradigan “BOMCA” dasturi doirasida chegara xizmatlari bilan chegaralarni integratsiyalashgan boshqarish bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda. O‘zbekiston “Prague Process” (Praga jarayoni) hukumatlararo migratsiya muloqotining faol ishtirokchilaridan biri hisoblanadi.

Forumda ishtirok etish, tajribali mutaxassislarning chiqishlarini tinglash, ishtirokchilar bilan muloqot qilish va yangi maʼlumotlar olish juda muhim. Shu maʼnoda, migratsiya sohasida turli chaqiriqlar mavjudligini, ammo ularni hal etishda eng muhimi tizimli yondashuv ekanini qayd etish lozim. Migratsiya siyosatini shakllantiruvchi davlat organlari uchun inson ­- uning huquqlari, manfaatlari va oilaviy majburiyatlari bilan markazda turishi kerak.

Davlatlarning vazifasi fuqarolarning xorijga xavfsiz chiqishi, yangi bilim va tajriba olishi, keyin esa vataniga qaytib kelib, egallagan ko‘nikmalari va mablag‘larini mamlakat rivoji uchun ishlatishiga sharoit yaratishdir.

Shuningdek, O‘zbekiston bu yo‘nalishda jiddiy va tizimli ish olib bormoqda. 2024-yilgacha ham hamkorlik davom etgan, ammo Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligi tashkil etilganidan keyin ishlar yana-da izchil va samarali bo‘ldi.

Xalqaro hamkorlar bilan munosabatlar kengayib borayotgani, bunday forumlar esa nafaqat tajriba almashish, balki O‘zbekistonning o‘z ilg‘or amaliyotlarini namoyish etish maydoniga aylantirmoqda.

Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda, qonunchilikni takomillashtirmoqda, zamonaviy yondashuvlarni joriy etmoqda va ham mehnat migrantlarini xorijga yuborish, ham xorijiy fuqarolarni qabul qilish borasida tobora ochiq davlatga aylanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish