“World News Pakistan”: O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylangan

May 18, 2026. 18:55 • 2 daq

58
“World News Pakistan”: O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylangan

ISLOMOBOD, 18-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “World News Pakistan” nashrida “O‘zbekistonda aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash: demografik o‘sish va urbanizatsiya jarayonlarining ahamiyati” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholining turmush darajasini yuksaltirish va uy-joy bilan taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayonda amalga oshirilayotgan islohotlar faqatgina qurilish hajmini oshirishdan iborat bo‘lmay, balki demografik o‘sish va urbanizatsiyaning jadallashuvi bilan uzviy bog‘liq holda kompleks yondashuv asosida olib borilmoqda.

Mamlakatda kuzatilayotgan yuqori demografik o‘sish surʼatlari uy-joy siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. So‘nggi yillarda respublika aholisi soni yiliga qariyb 800 ming nafarga, yangi oilalar soni esa 250 mingtaga ortayotgani uy-joyga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha ishlarni keskin jadallashtirishni taqozo etmoqda.

Nashrda ushbu talabni qondirish maqsadida 2025-yilning o‘zida 110 mingga yaqin kvartirali uy-joylarni barpo etilgani, 2040-yilgacha esa har yili quriladigan uy-joylar sonini ikki barobarga oshirish maqsad qilingani keng yoritilgan. Maqolada O‘zbekistonning barcha hududlarida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Mazkur massivlarda urbanizatsiya tamoyillari qatiy belgilangan.

Maʼlum qilinishicha, O‘zbekistonda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini davlat tomonidan samarali boshqarish maqsadida Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Ushbu qo‘mita urbanizatsiya jarayonlarini, renovatsiya dasturlarini va “Yangi O‘zbekiston”massivlari qurilishini muvofiqlashtiradi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish xarajatlarining kamida 2 foizi uy-joylar atrofida yashil hududlar yaratishga yo‘naltirilishi shart. Toshkent shahrida amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalarida esa hududning kamida 30 foizida yashil maydonlar tashkil etilishi qatʼiy belgilangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish