O‘zbekiston hududidan bronza davriga oid jarrohlik amaliyoti izlari topildi
Iyun 03, 2026. 09:25 • 2 daq
• 90
ANQARA, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning arxeologiya bo‘yicha yetakchi nashrlaridan biri – “Arkeofili” jurnalida O‘zbekistondagi noyob arxeologik kashfiyotga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston hududidan bronza davriga mansub, taxminan to‘rt ming yillik tarixga ega va trepanatsiya izlari saqlangan bola bosh suyagi topilgan.
Mazkur topilma Markaziy Osiyoda qadim zamonlarda jarrohlik amaliyoti amalga oshirilganining dalili bo‘lib, Osiyo hududida aniqlangan eng qadimgi shunday namunalardan biri hisoblanadi.
Ushbu noyob kashfiyot o‘zbek va italiyalik olimlardan iborat xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan Surxondaryo viloyatida, Afg‘oniston bilan chegaradosh hududda joylashgan Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida aniqlangan.
Maqbara miloddan avvalgi III ming yillikning oxiriga mansub bo‘lib, Baqtriya–Marg‘iyona arxeologik majmuasi nomi bilan ham mashhur bo‘lgan Oks sivilizatsiyasi davriga tegishlidir. Olimlar ma’lumotiga ko‘ra, jarrohlik amaliyoti izlari taxminan besh yoshida vafot etgan bolaning bosh suyagida aniqlangan.
Qazishma ishlariga rahbarlik qilgan Salento universiteti arxeologi Enriko Askalone Markaziy Osiyoda to‘rt ming yil muqaddam yashagan bola bosh suyagida trepanatsiya izlarining aniqlangani mintaqaning qadimgi jamiyatlarida tibbiy bilimlar yuqori darajada bo‘lganini ko‘rsatuvchi muhim kashfiyot ekanini ta’kidladi.
Tadqiqotchilar fikricha, mazkur topilma tibbiyotning rivojlanish darajasi, mutaxassislarning malakasi hamda bunday murakkab operatsiyaning go‘dak yoshdagi bolaga qanday sabablar bilan o‘tkazilgani haqida qator yangi savollarni kun tartibiga olib chiqmoqda. Ilmiy jamoa ushbu savollarga javoblar keyingi tadqiqotlar davomida topilishiga umid bildirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




