Markaziy Osiyo Yevroosiyo iqtisodiy kooperatsiyasining muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda

Noyabr 16, 2026. 15:30 • 3 daq

• 7
Markaziy Osiyo Yevroosiyo iqtisodiy kooperatsiyasining muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda

SHANXAY, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. 12–13-noyabr kunlari Shanxay chet tillari universiteti hamda Shanxay global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi tomonidan “Jahondagi tartibsizlik sharoitida Yevropa tadqiqotlari: yangi dinamika va yangi istiqbollar” mavzusida xalqaro forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda xalqaro iqtisodiy munosabatlar transformatsiyasi, Yevroosiyo o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, shuningdek, yashil va raqamli modernizatsiya masalalari muhokama mavzusi bo‘ldi.

Unda xalqaro iqtisodiy munosabatlarning transformatsiyasi, Yevrosiyoda o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, “yashil” va raqamli modernizatsiya masalalari muhokama qilindi.

“Yevrosiyo iqtisodiyoti, jamiyati va madaniyati” mavzusidagi sessiyada SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev ham qatnashib, ma’ruza qildi. U global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo tranzit hududidan asta-sekin Yevrosiyo ishlab chiqarish va logistika zanjirlarining mustaqil ishtirokchisiga aylanib borayotganini ta’kidladi.

Ekspertning fikricha, mintaqaviy hamkorlikdagi yangi o‘zgarishlar Xitoy va Yevrosiyodagi boshqa hamkorlar bilan aloqalarni chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Bunda o‘zaro savdo hajmini oshirishdan qo‘shma investitsiyalarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va texnologiyalar almashinuviga o‘tish muhimdir.

Shu munosabat bilan Baxtiyor Mustafayev iqtisodiy kooperatsiyaning ustuvor yo‘nalishlarini ajratib ko‘rsatdi.

Birinchidan, transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish. Yevrosiyo bozorlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash va sanoat aloqalari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladigan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi alohida ahamiyatga ega. Shu bilan birga, bojxona tartib-taomillarini takomillashtirish va logistikani raqamlashtirish zarur.

Ikkinchidan, mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish. SMTI vakilining baholashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xomashyoga asoslangan modeldan qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tish muhimdir. Bu, avvalo, kritik minerallarni qayta ishlash, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda qayta tiklanuvchi energetika uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish sohalariga taalluqlidir. Bunda mintaqa davlatlarining sanoatda bir-birini to‘ldiruvchi ixtisoslashuvini rivojlantirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Uchinchidan, “yashil” va raqamli modernizatsiyani birgalikda amalga oshirish. Shu nuqtayi nazardan, ekspert sirkulyar iqtisodiyotni Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi sifatida ajratib ko‘rsatdi.

U O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlashni rivojlantirish uchun, jumladan, Xitoy texnologik kompaniyalari ishtirokida asos yaratilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, milliy bozorlar hajmining cheklanganligi mintaqaning har bir mamlakatida murakkab tarkibli chiqindilarni qayta ishlashning to‘liq siklini yo‘lga qo‘yishni qiyinlashtirmoqda.

Bunday sharoitda mamlakatlarning ikkilamchi xomashyoni yig‘ish, saralash va chuqur qayta ishlashga ixtisoslashuvini nazarda tutuvchi transchegaraviy qayta ishlash zanjirlarini shakllantirish istiqbolli yechim hisoblanadi. Bunday yondashuv, ayniqsa, ishlatib bo‘lingan akkumulatorlar, elektron uskunalar va quyosh panellari uchun dolzarbdir.

Baxtiyor Mustafayev inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, qo‘shma ta’lim dasturlari, muhandislik yo‘nalishidagi stajirovkalar va amaliy tadqiqotlarning muhimligini ta’kidladi.

Shu nuqtayi nazardan, ekspert Yevrosiyo ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma kun tartibini shakllantirish, “yashil” sanoat va sirkulyar iqtisodiyot sohalarida tajriba-sinov loyihalarini ishlab chiqish, raqamli logistika va zamonaviy sanoat texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash dasturlarini kuchaytirishni taklif etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish