O‘zbekiston turizm imkoniyatlari Sankt-Peterburgda keng targ‘ib etildi
Noyabr 16, 2026. 14:30 • 2 daq
• 49SANKT-PЕTЕRBURG, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburg shahrida “Global turistik bozor transformatsiyasi: chiqish, ichki va kirish turizmini rivojlantirish integratsiyasi” mavzusida IV xalqaro turoperatorlar kongressi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir “Turpomosh” assotsiatsiyasi va Turizm sohasi professionallari milliy ittifoqi tomonidan tashkil etildi. Kongressda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Abxaziya, Janubiy Osetiya hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi vakillari, turizm sohasi mutaxassislari va turistik kompaniyalar ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan tadbirda mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi vakillari qatnashdi.
Kongress doirasida O‘zbekistonning turistik salohiyati namoyish qilinib, mamlakat haqidagi videorolik taqdim etildi. Xorijiy ishtirokchilarga xavfsiz, ziyorat, ekskursiya, ishbilarmonlik, tibbiyot, gastronomik va voqea turizmi yo‘nalishlaridagi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvlar davomida turizm sohasi vakillari o‘rtasida aloqalar o‘rnatilib, hamkorlikni kengaytirish, yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish va mavjud turpaketlarni boyitish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil 25–27-noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan 31-Toshkent xalqaro turistik yarmarkasiga alohida e’tibor qaratildi. Kongress ishtirokchilari mazkur nufuzli tadbirda faol qatnashishga taklif etildi.
Kongress yakunida tegishli rezolyutsiya qabul qilinib, ishtirokchilarga tashakkurnomalar topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


