Yaponiyada O‘zbekiston tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazilmoqda
Oktabr 18, 2026. 12:00 • 2 daq
• 166MAYZURU, 18-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi va Mayzuru shahri o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ushbu hududdagi Repatriatsiya memorial muzeyida maxsus ko‘rgazma tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston va Mayzuru: internirlashdan hamkorlikka, tobora mustahkamlanayotgan rishtalar” nomli mazkur ko‘rgazma Ikkinchi jahon urushidan keyin O‘zbekistonga olib kelingan yapon harbiy asirlarining hayoti, mahalliy aholi bilan munosabatlari va ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga bag‘ishlangan.
Joriy yil 25-oktyabrgacha davom etadigan ko‘rgazma ekspozitsiyadan tarixiy hujjatlar, asl ashyoviy dalillar, foto va videomateriallar, O‘zbekistonning tarixi va madaniyatiga oid ma’lumotlar o‘rin olgan. Tashrif buyuruvchilarga o‘zbek milliy kiyimlarini kiyib ko‘rish imkoniyati ham yaratilgan.
Mazkur tashabbus ikki mamlakatning umumiy tarixiy xotirasini asrab-avaylash, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston haqidagi bilimlarni Yaponiya jamoatchiligi orasida keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Muzeyga har kuni 300 nafardan ortiq kishi tashrif buyurishi ko‘rgazmaning O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yapon jamoatchiligiga yetkazishdagi ahamiyatini yanada oshiradi.
Yapon sobiq harbiy asirlarini xotirlash muzeyi direktori Sagane Yoshixironing qayd etishicha, Mayzurudagi muzey qariyb 40 yil avval tashkil etilgan. O‘zbekiston bilan hamkorlik taxminan 10 yil avval, Toshkentdagi yapon askarlari muzeyi direktori Jalil Sultonovning tashrifidan so‘ng boshlangan.
Shundan buyon xalqlar o‘rtasida insondan insonga, qalbdan qalbga do‘stlik rishtalari mustahkamlanib kelmoqda. Joriy yil 27-may kuni Rishton tumani va Mayzuru shahri o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Sagane Yoshixironing fikricha, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi aloqalar 80 yil avval, yapon harbiy asirlari O‘zbekistonga olib kelinganda boshlangan. Bu tarix nafaqat qayg‘u va azob-uqubatlarni, balki o‘zbek xalqining asirlarga ko‘rsatgan samimiy munosabati va insonparvarligini ham aks ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







