TIVda O‘zbekiston va Gruziyaning konsullik-huquqiy va migratsiya sohalaridagi hamkorligi masalalari muhokama qilindi
Noyabr 12, 2026. 19:25 • 2 daq
• 43
TOSHKENT, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev bugun Gruziya elchisi David Kotariya bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida O‘zbekiston-Gruziya hamkorligining konsullik-huquqiy va migratsiya sohalaridagi dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Gruziyada O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish hamda ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar fuqarolarning migratsiya qonunchiligi talablari, mamlakatga kirish va unda bo‘lish qoidalari, shuningdek, noqonuniy migratsiyaning oldini olish choralari yuzasidan xabardorligini oshirish muhimligini ta’kidladilar.
Shu maqsadda aholi o‘rtasida tizimli ravishda axborot-tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilgan qo‘shma media-reja ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda ikki tomonlama konsullik maslahatlashuvlari doirasida konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi