“Russia News” nashri: Toshkent media muloqot maydoniga aylandi

Noyabr 12, 2026. 20:55 • 2 daq

•
“Russia News” nashri: Toshkent media muloqot maydoniga aylandi

MOSKVA, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Russia News” tarmoq nashrida “Toshkent media muloqot maydonini ochdi: III O‘zbekiston-Rossiya forumi ikki mamlakatning yetakchi tahririyatlarini birlashtirdi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekiston axborot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xususan, Markaziy Osiyoda birinchi milliy mediabankning ishga tushirilgani, internetdan foydalanish darajasining barqaror o‘sib borayotgani hamda nodavlat ommaviy axborot vositalari ulushi izchil ortib borayotgani batafsil yoritilgan. Shu bilan birga, materialda ikki mamlakat mediahamjamiyati oldida turgan yangi chaqiriqlar, jumladan, axborotning haqqoniyligini tekshirish, jurnalistlarning kasbiy mas’uliyatini oshirish, soxta xabarlar (feyk) va dezinformatsiya tarqalishining oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Maqolada o‘zaro hamkorlikdan tashqari, madaniy-gumanitar aloqalarga ham keng o‘rin berilgan. Bu borada Toshkent shahridagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi ikki xalqni birlashtiruvchi muhim ilmiy-ma’rifiy loyiha sifatida qayd etilgan. Markaz mintaqaning boy islomiy tafakkuri, qo‘lyozma yodgorliklari va madaniy merosini saqlash va o‘rganishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, Markaz rossiyalik hamkorlar bilan ko‘rgazmalar, nashriyot, ilmiy va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ochiqligi, bu esa kelajakdagi mushtarak mediatashabbuslar uchun mustahkam zamin yaratishi ta’kidlangan.

Maqola yakunida kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qo‘shma ta’lim dasturlari va stajirovkalarni ishlab chiqish, faktcheking sohasida kooperatsiya o‘rnatish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi tahririyatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasbiy aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish