Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda
Fevral 17, 2026. 15:37 • 3 daq
• 61
15 davlat Navalniyning o‘limini tergov qilishni talab qilmoqda
Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy vafotining ikki yilligi munosabati bilan 15 ta davlat qo‘shma bayonot berdi. Ular Rossiyadan o‘lim bo‘yicha tergov o‘tkazishni talab qildi. Mazkur davlatlar Navalniyning o‘limi uchun javobgarlikni Rossiya hukumatiga yuklamoqda. Bayonot Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Kanada, Latviya, Litva, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Polsha, Finlyandiya, Chexiya, Shvetsiya va Estoniya tomonidan berilgan.
Manba: Meduza
***
Polsha fuqarolarini Rossiyani tark etishga chaqirdi
Polsha Tashqi ishlar vazirligi Ukrainada davom etayotgan urush, shuningdek RF Polshani rasman “do‘st bo‘lmagan” davlat deb eʼlon qilgani munosabati bilan bu mamlakat fuqarolariga Rossiyaga har qanday safarlardan tiyilishni tavsiya qildi.
Manba: Deutsche Welle
***
Qamchibek Tashiyev chet davlatga uchib ketdi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev vaqtinchaga chet elga uchib ketdi. “Manas” aeroportida olingan videoni uning yaqin hamkori O‘tkirbek Rahmonov eʼlon qilgan. Uning yozishicha, Tashiyev mamlakatni vaqtincha tark etgan.
Manba: AKIpress
***
“Crocus” terakti aloqadorlari umrbodga qamash talab qilindi
Moskva viloyatidagi Crocus City Hall‘da terakt sodir etishga ayblangan 19 kishi umrbodga qamalishi mumkin. Jabrlanuvchilarning advokatlari ularga maksimal jazo berishni talab qilmoqda. Bu haqda jabrlanganlarning advokati Lyudmila Ayvar jurnalistlar bilan suhbatda aytgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, gap “qasos” haqida emas, balki “adolat va jamiyatni himoya qilish” haqida ketmoqda. Ayvar terrorizm nafaqat alohida fuqarolarga, balki “butun mamlakat xavfsizligiga ham zarba beradigan jinoyat” ekanini aytdi
Manba: TASS
***
Eron atrofida AQSh harbiy texnikalar tobora ko‘paymoqda
Eron yaqinida AQSh harbiy kemalari va qiruvchi samolyotlarining to‘planishi qayd etildi. BBC Verify sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari orqali Yaqin Sharqqa yuborilgan Abraham Linkoln aviatsiya tashuvchi kemasining joylashuvini aniqladi. Abraham Linkoln yanvar oyi oxirida AQSh prezidenti buyrug‘i bilan Fors ko‘rfazi mintaqasiga joylashtirilgan. Biroq u shu paytgacha sunʼiy yo‘ldosh tasvirlarida ko‘rinmagandi.
Manba: VVS
***
AQShda xokkey o‘yini vaqtida otishma sodir bo‘ldi
AQShning Rod-Aylend shtatida kecha yoshlar orasida o‘tkazilgan xokkey o‘yini vaqtida otishma sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida 2 kishi halok bo‘ldi, yana 3 kishi og‘ir yaralandi. Manbaga ko‘ra, voqea Pautaket shahridagi muz arenasida o‘yin davom etayotgan paytda yuz bergan. Politsiyaning aytishicha, Roberta Esposito ismi bilan tanilgan gumondor o‘q uzganidan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qotil o‘z oila aʼzolarini nishonga olgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Manba: CNN
***
Al-Aqso masjidi imomi hibsga olindi
Isroil politsiyasi Sharqiy Quddusda joylashgan Al-Aqso masjidi imomi Muhammad Ali Abbosiyni hibsga oldi. Maʼlumotlarga ko‘ra, politsiya Al-Aqso masjidi hovlisida reyd o‘tkazib, imomni qo‘lga olgan. Hibsga olish sabablari rasman maʼlum qilinmagan.
Manba: WAFA
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
