Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda
Fevral 12, 2026. 12:06 • 3 daq
• 46
Qozog‘istonda bo‘ronda qolib ketgan o‘zbekistonliklar qutqarildi
Qozog‘istonda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari qor bo‘ronida qolib ketgan uch nafar o‘zbekistonlikni qutqardi. Aniqlanishicha, qutqaruvchilar 24 soat ichida 87 nafar fuqaro, jumladan 6 nafar bolani qutqarib, evakuatsiya qilgan. Shuningdek, 10 ta avtomashina qor uyumlaridan chiqarib olingan.
Manba: gov.kz
***
Rossiya Kubaga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi
“Rossiya” aviakompaniyasi va Nordwind Kubaga parvozlarni yonilg‘i quydirish bilan bog‘liq muammolar tufayli vaqtincha to‘xtatishini maʼlum qildi. Maʼlumotga ko‘ra, “Rossiya” yaqin bir necha kun ichida Kuba aeroportlaridan rossiyalik sayyohlarni olib chiqish uchun bir nechta maxsus reyslarni amalga oshiradi. Turoperatorlar baholashicha, hozir Kubada taxminan 4000 nafar rossiyalik bor.
Manba: Deutsche Welle
***
Turkiya parlamentida deputatlar mushtlashdi
Turkiya parlamentida deputatlar Adliya vazirligiga bahsli tayinlov tufayli mushtlashdi. Mojaro muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi hamda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi o‘rtasida yuz berdi. Hodisa yangi adliya vaziri Akin Gurlek qasamyod qilayotgan paytda sodir bo‘lgan.
Manba: Euronews
***
Yevroparlament Ukraina uchun 90 mlrd yevro kreditni maʼqulladi
Yevrodeputatlar Ukrainaga moliyaviy yordam paketi uchun ovoz berdi. U paketga 2026–2027 yillarda mamlakatning moliyaviy ehtiyojlarini qoplash uchun 90 mlrd yevro miqdoridagi qo‘llab-quvvatlash krediti (Ukraine Support Loan), Ukrainani qo‘llab-quvvatlash mexanizmi (Ukraine Facility)ga o‘zgartirishlar va YEIning 2021–2027 yillarga mo‘ljallangan ko‘p yillik moliyaviy doirasiga tuzatishlar kiradi.
Manba: Deutsche Welle
***
Lukashenko Tinchlik kengashi yig‘ilishida ishtirok etishdan bosh tortdi
Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko G‘azo sektori bo‘yicha Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish taklifini rad etdi. Matbuot kotibi Natalya Eysmontning maʼlum qilinishicha, Aleksandr Lukashenkoga yetakchilarning Tinchlik kengashi doirasidagi birinchi uchrashuviga taklifnoma ancha kech kelgan.
Manba: BelTA
***
Singapur qishki Olimpiadada yagona vakiliga oltin medalni qo‘lga kiritsa 788 ming dollar to‘laydi
Singapur Italiyaning Milan va Kortina d‘Ampesso shaharlarida o‘tkazilayotgan 2026 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozongani uchun eng katta mukofot to‘laydigan davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. O‘yinlarda Singapurdan yagona vakil - 23 yoshli tog‘ chang‘ichisi Fayz Basha ishtirok etmoqda. Oltin medal uchun u 788 ming dollar, kumush uchun 394 ming dollar, bronza uchun 197 ming dollar olishi mumkin.
Manba: USA Today
***
Zelenskiy saylovlar haqidagi xabarlarni inkor qildi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy “Financial Times” nashri tarqatgan — go‘yo u 24 fevral kuni, Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli urushi boshlanganiga to‘rt yil to‘lgan sanada, prezident saylovlari sanasi hamda tinchlik takliflari bo‘yicha referendum haqida eʼlon qilishni rejalashtirayotgani haqidagi maʼlumotni rad etdi.
Manba: Deutsche Welle
***
Qozog‘istonda bolaning ichagidan 31 ta magnit chiqarib olindi
Qozog‘istonda 31 ta magnitni yutib yuborgan 1 yosh 9 oylik bolaning hayoti saqlab qolindi. Maʼlum bo‘lishicha, bola Olmaota shahridagi shifoxonaga juda og‘ir ahvolda olib kelingan. Tekshiruvlar davomida uning ichagida ko‘plab magnitlar borligi aniqlangan. Shifokorlar ingichka ichakning bir nechta joyi teshilganini hamda qorin bo‘shlig‘ida yallig‘lanish rivojlanganini taʼkidlagan.
Manba: Kazinform
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
