Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda
Fevral 05, 2026. 15:01 • 2 daq
• 51
Abu-Dabida Rossiya–Ukraina muzokaralarining birinchi kuni yakunlandi
Abu-Dabida 4-fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushiga barham berish masalasiga bagʻishlangan Rossiya, AQSH va Ukraina oʻrtasidagi uch tomonlama muzokaralarning birinchi kuni yakunlandi. Maslahatlashuvlar bugun davom ettiriladi.
Manba: Deutsche Well
“The Washington Post” xodimlarini 30 foizga qisqartirmoqchi
Amerikaning “The Washington Post” nashri 300 nafardan ortiq xodimini ishdan boʻshatadi. Shunda xodimlarining umumiy soni, taxminan, 30 foizga kamayadi.
Manba: The New York Times
Makkadagi muzeyda dunyodagi eng yirik Qurʼon namoyish qilindi
Saudiya Arabistonining Makka shahridagi muzeyda dunyodagi eng katta Qurʼon nusxasi namoyishga qoʻyildi. Muqaddas kitob Hira madaniy hududida joylashgan Muqaddas Qurʼon muzeyida namoyish etilmoqda. Qoʻlyozmaning balandligi 312 santimetr, eni 220 santimetr. Kitob 700 sahifadan iborat boʻlib, dunyodagi eng katta Qurʼon boʻlgani uchun Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Manba: Arab News
Trampni oʻldirmoqchi boʻlgan Rayan Raut umrbodga qamaldi
2024-yil golf klubida AQSH prezidenti Donald Trampga suiqasd qilishga harakat qilgan 59 yoshli Rayan Raut umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Sudya Eylin Kennon hukm chiqarish toʻgʻrisidagi qarorida Rautning jinoyatlari “Shubhasiz, umrbod qamoq jazosiga loyiq” deb taʼkidlagan.
Manba: BBC
Saudiya Arabistonida dunyodagi eng baland bino quriladi
Saudiya Arabistonida balandligi ikki ming metrli “Rise Tower” majmuasi bunyod etilishi rejalashtirilmoqda. Minora hozirda rekordchi hisoblangan Dubaydagi Burj Xalifa osmonoʻpar binosidan ikki barobar baland boʻladi.
Manba: Time Out Dubai
Oq uy hududida mashhur dengizchi Xristofor Kolumb haykali oʻrnatilishi mumkin
AQSHda Prezident Donald Tramp tashabbusi bilan Oq uy hududida mashhur dengizchi Xristofor Kolumb haykali oʻrnatilishi mumkin. Oq uyga yaqin manbalarga koʻra, haykal binoning janubiy qismidan joy oladi. Biroq, bu hali rasman eʼlon qilinmagan.
Manba: Komonews
Nigeriyada qurolli hujum oqibatida 200 ga yaqin kishi halok boʻldi
Nigeriyaning Kvara shtatida qurolli shaxslar tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida koʻplab tinch aholi vakillari halok boʻldi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, hujum Niger shtati bilan chegaradosh boʻlgan Vorodagi chekka qishloqda sodir boʻlgan. Qurolli shaxslar qishloqqa bostirib kirib, uylar va doʻkonlarni yoqib yuborgan.
Manba: Al Jazeera
AQSH va YEI Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlab qoʻygan, biroq hozircha ularni joriy etmayapti. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi ham Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi boshlanishi sanasiga bogʻlab eʼlon qilinishi rejalashtirilgan yangi sanksiyalar paketini tayyorlagan.
Manba: Bloomberg
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
