O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida sayyohlik sohasi bo‘yicha yangi tashabbuslar muhokama qilindi
Oktabr 09, 2026. 17:30 • 2 daq
• 11
VARSHAVA, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida “Air Arabia” aviakompaniyasining Polshadagi tijorat menejeri Kshishtof Shteyman bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilish, sayyohlar oqimini oshirish hamda aviakompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda “Air Arabia” aviakompaniyasi bilan hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, aviakompaniya tomonidan yo‘lga qo‘yilgan Varshava, Krakov va Gdansk–Sharja yo‘nalishlari orqali Toshkent va Namangan shaharlariga jurnalistlar va inflyuyenserlar uchun press-turlar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Suhbat davomida polyak sayyohlari orasida O‘zbekistonning madaniy-tarixiy va islomiy merosiga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani, Polshada istiqomat qiluvchi taxminan 35 ming nafar tatar diasporasi orqali Buxoro, Samarqand va boshqa tarixiy qadamjolarni ziyorat turizmi yo‘nalishida targ‘ib qilish imkoniyatlari haqida fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha joriy yil noyabr oyida Varshavada o‘tkaziladigan “ITTF Warsaw 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasida “O‘zbekistonga sayohat qilamiz” taqdimotini tashkil etish, “Uzbekistan Airways” reyslarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha axborot almashish, Polsha jurnalistlari va inflyuyenserlari uchun press-turlar tashkil etish hamda “Compass Travel” agentligi bilan ziyorat turizmi sohasida hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi