O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi

Oktabr 09, 2026. 17:15 • 2 daq

• 91
O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi

TOSHKЕNT, 9-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 8-oktabr kuni O‘zbekiston yetakchisi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. Prezidentimiz sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport bog‘liqligini mustahkamlash va yangi texnologiyalarni joriy etish, energetika, suv resurslari va ekologiya masalalarini birgalikda hal qilish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi va ko‘p tomonlama hujjatlar imzolandi.

Sammit doirasida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar o‘tkazildi. Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolangani muzokaralarning muhim natijasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ham uchrashdi va MDH mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Milliy taomlar festivaliga tashrif buyurdi.

9-oktabr kuni Prezidentimiz MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida savdo va sanoat hamkorligini kengaytirish, transport aloqalarini rivojlantirish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini mustahkamlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Mamlakatimiz yetakchisi sammitning kengaytirilgan majlisida O‘zbekistonning 2027-yildagi MDHga raisligining ustuvor yo‘nalishlarini bayon qildi. Sammit yakunida hujjatlar to‘plami imzolandi.

Tadbirlar yakunlangach, Turkmanboshi shahri aeroportida O‘zbekiston Prezidentini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Botir Annayev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish