Bokudan munosabat: O‘zbekiston–O‘mon strategik hamkorligi Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqmoqda

Noyabr 19, 2026. 08:10 • 4 daq

• 120
Bokudan munosabat: O‘zbekiston–O‘mon strategik hamkorligi Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqmoqda

BOKU, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Taniqli ozarbayjonlik siyosatshunos va tahlilchi, “Janubiy Kavkaz” siyosatshunoslar klubi rahbari Ilgar Velizade “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining O‘mon Sultonligiga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘mon Sultonligiga amalga oshirgan davlat tashrifi Toshkentning Yaqin Sharq yo‘nalishidagi tashqi siyosiy faolligi izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

So‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekiston xalqaro aloqalarni kengaytirish, xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish hamda transport yo‘laklarini rivojlantirishga qaratilgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritib kelmoqda.

Ayni paytda mamlakat tashqi siyosati iqtisodiy taraqqiyotning amaliy vazifalari bilan tobora chambarchas bog‘lanmoqda. Maskat shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarga ham aynan shu nuqtayi nazardan qarash lozim.

Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi mamlakatlari O‘zbekiston tashqi siyosatida alohida o‘rin tutadi. Ushbu davlatlar bilan hamkorlik Toshkentga investitsiyaviy sheriklar doirasini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning mintaqadagi manfaatlari faqat moliyaviy resurslarni jalb qilish bilan cheklanmaydi. Fors ko‘rfazi davlatlarining transport infratuzilmasi, xalqaro ishbilarmonlik aloqalari va boshqa bozorlarga chiqish imkoniyatlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. “Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining rivojlanib borayotgani ushbu aloqalarga yanada keng mintaqaviy mazmun bag‘ishlamoqda.

Bu borada O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi hamkorlik tarixi alohida e’tiborga molik. Kelgusi yili ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. 2018-yilda O‘zbekistonning Maskat shahridagi elchixonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ikki tomonlama rishtalarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi.

Bugungi kunda investitsiyaviy hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalar va transport sohasi ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi. Amalga oshirilgan davlat tashrifi ushbu jabhadagi sheriklikni yuqori darajada yanada rivojlantirish imkonini berdi.

Ayniqsa, transport sohasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat sifatida xalqaro portlarga olib chiquvchi muqobil transport yo‘nalishlarini kengaytirishdan manfaatdor. O‘mon esa dengiz savdosi va xalqaro logistika tizimidagi mavqeini mustahkamlashga intilayotgan davlatdir.

Bu borada Markaziy Osiyoni Eron va O‘mon bilan bog‘lovchi Ashxobod xalqaro transport-tranzit koridori to‘g‘risidagi bitim muhim huquqiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni rivojlantirish O‘zbekistonning tashqi savdo geografiyasini kengaytirish, logistika xarajatlarini optimallashtirish va xalqaro transport tarmoqlariga integratsiyalashuvini chuqurlashtirishga xizmat qilishi mumkin.

O‘mon uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi muhim va istiqbolli hamkor hisoblanadi. Ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq va boshqa iqtisodiy yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish uchun salmoqli imkoniyatlar mavjud.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritiladigan O‘mon investitsiyalari nafaqat ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, balki o‘monlik ishbilarmon doiralarining butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.

Ozarbayjon birodar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘mon Sultonligiga amalga oshirgan davlat tashrifini katta qiziqish bilan kuzatib bordi. Chunki Boku Toshkentning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi mustahkamlanishini butun turkiy dunyo hamda mintaqamiz uchun ijobiy omil sifatida baholaydi. Ozarbayjon O‘zbekistonning do‘st davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalarini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Umuman olganda, O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik, davlatlar suverenitetini hurmat qilish, o‘zaro manfaatli hamkorlik va mavjud ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Turli davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan ushbu yondashuv o‘zaro ishonch va anglashuvni mustahkamlash, uzoq muddatli hamkorlik uchun qulay zamin yaratishga xizmat qilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Shavkat Mirziyoyevning O‘mon Sultonligiga davlat tashrifini mamlakat tashqi aloqalarini kengaytirishga qaratilgan izchil siyosatning mantiqiy davomi sifatida baholash mumkin.

Mazkur tashrif Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlari o‘rtasidagi yaqinlashuv jarayonlariga yangi sur’at bag‘ishlab, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qo‘shadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish