Nyu-Yorkdagi festivalda O‘zbekiston milliy madaniyati va an’analari namoyish etildi
Noyabr 19, 2026. 09:00 • 2 daq
• 23NYU-YORK, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bruklin jamoat kutubxonasida bo‘lib o‘tgan xalqaro tillar festivalida O‘zbekistonning madaniy merosi, milliy an’analari va sayyohlik salohiyati taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston dasturidan o‘zbekistonlik rassom Oleg Ovcharenkoning “Buyuk ipak yo‘li” nomli ijod namunasi namoyishi o‘rin oldi. Sahna obrazlari orqali tomoshabinlarga O‘zbekistonning asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab kelgan qadimiy savdo yo‘lining asosiy markazlaridan biri sifatidagi tarixiy o‘rni ko‘rsatib berildi.
Alisher Navoiy asari asosida sahnalashtirilgan “Farhod va Shirin” spektakli ham tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu asar Amerika jamoatchiligini mamlakatimizning adabiy va badiiy merosi bilan yanada yaqindan tanishtirdi.
Teatr tomoshalari milliy liboslar, an’anaviy matolar, kulolchilik va xalq amaliy san’ati ustalari buyumlari ko‘rgazmasi bilan uyg‘unlashdi. Mehmonlarga Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar, ularning me’moriy obidalari hamda madaniy-ma’rifiy turizm imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
O‘zbek tili, milliy an’analar va davlat ramzlariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbek tili bayrami va O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan tadbirlar shukuhi ostida o‘tgan ushbu festival mamlakatimizning madaniy o‘ziga xosligini xorijda namoyish etish uchun yana bir muhim maydonga aylandi.
Dasturning O‘zbekistonga oid qismi mamlakatimizning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi bilan madaniy-ma’rifiy va sayyohlik loyihalarini amalga oshirishda doimiy hamkorlik qilib kelayotgan “Turan American Heritage Association” jamoat tashkiloti ishtirokida taqdim etildi.
Tadbir Amerika jamoatchiligiga O‘zbekistonni boy tarixiy meros, betakror san’at va keng sayyohlik imkoniyatlariga ega mamlakat sifatida tanishtirish imkonini berdi.
Bunday tashabbuslar o‘zbek tili, milliy madaniyat va davlat ramzlarini keng targ‘ib etish, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




