O‘zbekiston davlat bayrog‘i – tarix, milliy qadriyatlar va kelajakka ishonch timsoli
Noyabr 18, 2026. 20:30 • 3 daq
• 111ISLOMOBOD, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Diplomatlar, ularning oila a’zolari, vatandoshlar va Pokiston OAV vakillari qatnashgan tadbir avvalida elchixona hovlisida bayroq ko‘tarish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev ishtirokchilarni davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligi bilan tabrikladi. U 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan bayrog‘imiz – mustaqillik, tinchlik, birlik va taraqqiyot yo‘lidagi qat’iy irodamizni ifoda etuvchi muqaddas milliy ramz sifatida yurtimiz tarixida alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
O‘zbekiston bayrog‘ining tarixiy ahamiyati, uning rang va belgilarining ma’nosi haqida ma’lumotlar berildi. Ushbu ramz xalqimizning sha’n-shuhrati, farovon kelajakka ishonchi va milliy g‘ururi timsoli ekani qayd etildi.
“Bayrog‘imiz mamlakatimiz suvereniteti, xalqimiz birdamligi va milliy g‘ururimiz timsoli sifatida qadrlanadi. U rasmiy tadbirlar va xalqaro anjumanlarda yurtimizni namoyon etsa, sport musobaqalaridagi g‘alabalar orqali O‘zbekiston nomini dunyoga tanitadi. Ayniqsa, sportchimiz shohsupaga ko‘tarilib, bayrog‘imiz baland hilpiragan, madhiyamiz yangragan lahzalarning qadri o‘zgacha. Bu manzara ortida yillar davomidagi mashaqqatli mehnat, murabbiylar fidoyiligi, ota-onalarning ishonchi va butun xalqning quvonchi mujassam”, – dedi elchi.
Pokistonning “Associated Press of Pakistan” axborot agentligi bosh muharriri Shams Abbasi O‘zbekiston bayrog‘i mamlakat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ramzi ekanini ta’kidladi.
“So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi jadal o‘zgarishlar, jamiyat hayotining turli jabhalarida, xususan, sport sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar O‘zbekiston bayrog‘ini jahondagi taniqli davlat ramzlaridan biriga aylantirmoqda. O‘zbekiston yoshlari, sportchilarining yirik musobaqalardagi muvaffaqiyatlari avvalo davlat bayrog‘iga hurmat bajo keltirish bilan nishonlanmoqda”, – dedi Shams Abbasi.
O‘zbekistonning Pokistondagi turizm elchisi Hamid Mahmud Chaudri davlat ramzlari, jumladan, bayroqning mustaqillik, milliy g‘urur va xalq birligini mustahkamlashdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. U O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini asrlar davomida shakllangan tarixiy, diniy va madaniy rishtalar bog‘lab turishini alohida ta’kidladi.
Pokistondagi vatandoshimiz Dilbar Mirzayeva davlat bayrog‘i va uning xalqimiz hayotidagi o‘rni haqida so‘z yuritib, davlat bayrog‘i – bu shunchaki ramz emas, bu timsolda xalqimizning tarixi, milliy qadriyatlari, orzu-umidlari va kelajakka bo‘lgan ishonchi mujassam ekanini bildirdi.
Ayniqsa, xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz uchun O‘zbekiston bayrog‘i alohida ma’naviy ahamiyatga ega ekani, uni ko‘rganda ko‘z oldimizda Vatan, ota-ona, tug‘ilib o‘sgan yurt va qadrdon xalq gavdalanishi e’tirof etildi.
Tadbir so‘nggida Pokistonda yashayotgan vatandoshlar va ularning farzandlari tomonidan davlat ramzlari, xususan, bayrog‘imizga bag‘ishlangan she’rlar o‘qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


