AQShning Vashington shtati jamoatchiligiga O‘zbekistonning boy madaniyati va betakror an’analari taqdim etildi

Sentabr 24, 2026. 14:00 • 2 daq

225
AQShning Vashington shtati jamoatchiligiga O‘zbekistonning boy madaniyati va betakror an’analari taqdim etildi

BЕLVYU, 24-sentabr. /“Dunyo” AA/. Vashington shtatidagi Belvyu shahrida turli xalqlar madaniyati, milliy an’ana va qadriyatlarini keng jamoatchilikka tanishtirishga qaratilgan “Madaniyatlararo kiyim-kechak bozori” xalqaro tadbiri o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Belvyu shahri ko‘magida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Hindiston, Xitoy, Eron, Meksika va Afrika xalqlari vakillari o‘z milliy liboslari, taomlari, san’ati, hunarmandchiligi va madaniy an’analarini namoyish etdi.

O‘zbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi mamlakatning tarixiy-madaniy merosi, milliy an’analari va zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyani taqdim etdi.

Mehmonlarga O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, turizm sohasini rivojlantirish va xorijlik sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Qadimiy tarixi va madaniy merosi sayyohlarni tobora ko‘proq o‘ziga jalb etayotgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Taqdimotda o‘zbek milliy liboslari, hunarmandchilik mahsulotlari va boshqa mahsulotlarni xorijda targ‘ib qilish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, turli mamlakatlarda milliy liboslar, o‘zbek brendlari, dizaynerlar va hunarmandlar mahsulotlarini namoyish etish uchun shourumlar tashkil etish mumkinligi qayd etildi.

O‘zbekiston ekspozitsiyasida an’anaviy liboslar, do‘ppilar, milliy cholg‘u asboblari, hunarmandchilik va kulolchilik buyumlari, mamlakat tarixi, san’ati va madaniyatiga oid kitoblar namoyish etildi.

Ishtirokchilar o‘zbek oshxonasining taomlarini tatib ko‘rish va milliy mehmondo‘stlik an’analari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Tadbir qatnashchilari turli madaniyat vakillarini birlashtirgan, o‘zaro hurmatni rivojlantirishga xizmat qilgan ushbu tashabbus uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish