Bursada O‘zbek tili bayrami nishonlandi
Oktabr 24, 2026. 11:30 • 58 soniya
• 110BURSA, 24-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bursa shahridagi Ulug‘tog‘ universitetida O‘zbek tili kuniga bag‘ishlangan tantanali madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bayram tadbirida universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, turli mamlakatlardan kelgan talabalar, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi diplomatlari ishtirok etdi.
Diplomatlar o‘zbek tilining boy tarixi, milliy o‘zlik va ma’naviy merosni asrab-avaylashdagi muhim o‘rni, ona tilini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Bayram dasturidan o‘zbek tili va adabiyotiga oid taqdimotlar, mushoiralar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari hamda milliy cholg‘ularda ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar o‘rin oldi. Tadbir mehmonlariga xalqimizning boy pazandalik va mehmondo‘stlik an’analarini namoyon etuvchi o‘zbek milliy taomlari tortiq etildi.
Tadbir yakunida Bosh konsulxona vakillari Ulug‘tog‘ universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida o‘quv jarayoni, yashash sharoitlari va yoshlarni o‘ylantirayotgan masalalar muhokama qilinib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


