O‘zbekistonlik yosh musiqachilar Germaniyadagi xalqaro festivalda muvaffaqiyatli ishtirok etdi
Iyun 03, 2026. 08:15 • 2 daq
• 117ARENSBURG, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Shlezvig-GolShteyn federal o‘lkasidagi Arensburg shahrida 28-may – 1-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan XIX Xalqaro kamer orkestri festivalida O‘zbekistonning yosh musiqachilari ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Festivalda so‘zga chiqqan shahar meri Ekkart Byoge mazkur musiqa forumi mehmon davlatlari qatoriga O‘zbekiston ham qo‘shilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlab, bu tashabbus xalqlarimiz o‘rtasida yangi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
E’tiborlisi, anjumanning ilk konsert dasturi aynan O‘zbekiston vakillari – badiiy rahbar va iste’dodli dirijyor A’zamxon Ahmedov rahbarligidagi simfonik orkestr musiqachilarining chiqishi bilan boshlandi. Yosh ijrochilar yuqori ijro madaniyatini namoyon etib, Germaniya jamoatchiligiga jahon klassik musiqasi durdonalari bilan bir qatorda o‘zbek milliy bastakorlarining sara asarlarini ham mahorat bilan taqdim etdi.
Milliy ohanglar va akademik ijro an’analarining zamonaviy talqindagi uyg‘unligi tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirib, ularning davomli olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Orkestr tarkibidagi klarnetchi Asilbek Yo‘ldoshev, skripkachi Saidrasul Abdurahmonov, violonchelchi Zaretta Ibragimova va arfachi Aleksandra Jarikova o‘zlarining professional mahorati hamda xalqaro sahnalardagi yuqori salohiyatini yaqqol namoyon qildi.
Festival doirasida vakillarimiz yakuniy qo‘shma konsertda ham ishtirok etib, musiqa vositasida xalqaro madaniy muloqot va do‘stlik ko‘priklarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi.
Konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlarga Turizm qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan, yurtimizning boy sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi axborot materiallari tarqatildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







