Seulda Markaziy Osiyo bahor festivali bo‘lib o‘tdi

May 18, 2026. 14:25 • 2 daq

71
Seulda Markaziy Osiyo bahor festivali bo‘lib o‘tdi
Seulda Markaziy Osiyo bahor festivali bo‘lib o‘tdi
Seulda Markaziy Osiyo bahor festivali bo‘lib o‘tdi
Seulda Markaziy Osiyo bahor festivali bo‘lib o‘tdi

SEUL, 18-may. /“Dunyo” AA/. Seul shahrida Koreya – Markaziy Osiyo hamkorlik forumi doirasida 2026-yilgi Markaziy Osiyo bahor festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur festival Markaziy Osiyo davlatlari elchixonalari hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, sanʼati va turizm salohiyati namoyish etildi.

Festivalda Qashqadaryo viloyatidan tashrif buyurgan sanʼatkorlar tomonidan milliy musiqa va raqs sanʼati namunalari taqdim etildi. Xususan, rubob va doira kabi anʼanaviy cholg‘u asboblari jo‘rligida ijro etilgan xalq qo‘shiqlari va raqslari festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Shu bilan birga, festival doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy pavilyonida mamlakatimizning anʼanaviy hunarmandchilik namunalari keng namoyish qilindi. Xususan, kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi buyumlari, milliy liboslar, cholg‘u asboblari, to‘qimachilik mahsulotlari, miniatyura va rassomchilik asarlari tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir qatnashchilariga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, tarixiy obidalari va zamonaviy infratuzilmasi haqidagi targ‘ibot materiallari ham taqdim etildi.

Shuningdek, milliy taomlar, shirinliklar, quritilgan mevalar va ichimliklar ko‘rgazmasi mehmonlarga o‘zbek gastronomik madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Festival doirasida o‘tkazilgan madaniy dasturlar O‘zbekistonning boy merosini Koreya Respublikasi jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish