“Al Diplomacy”: Bo‘lajak Seul sammiti O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligida yangi sahifa ochadi
Sentabr 04, 2026. 14:30 • 2 daq
• 131
QOHIRA, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli “Al Diplomacy” nashrida Seul shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Janubiy Koreya” formatidagi birinchi tarixiy sammit va O‘zbekiston Prezidentining ushbu mamlakatga kutilayotgan tashrifi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, bo‘lajak Seul sammiti mintaqaviy hamkorlikni nazariy muhokamalardan aniq iqtisodiy va sanoat maydoniga ko‘chiradigan muhim tarixiy bosqichdir.
Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekiston Prezidentining Janubiy Koreyaga kutilayotgan rasmiy tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelayotgani ikki mamlakat o‘rtasidagi maxsus strategik sheriklikni mustahkamlash hamda texnologik va investitsiyaviy integratsiyani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Maqolada tomonlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari atroflicha tahlil qilingan. Xususan, ustuvor loyihalarni amalga oshirish maqsadida sanoat vazirlarining muntazam maslahatlashuv mexanizmini yo‘lga qo‘yish orqali sanoat muloqotini institutsionallashtirish nazarda tutilmoqda.
Iqtisodiy sheriklik mustahkam poydevor asosida rivojlanmoqda. Janubiy Koreyaning O‘zbekistonga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarmida o‘zaro savdo aylanmasi 11,5 foizga o‘sib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi.
Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida ham KOICA agentligi bilan birgalikda Toshkent, Farg‘ona, Shahrisabz, Samarqand va Urganch shaharlarida professional texnik kadrlarni tayyorlash tizimi faol kengaytirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi