“Al Jarida”: O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Sentabr 04, 2026. 10:00 • 2 daq

64
“Al Jarida”: O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

AL-KUVAYT, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. “Al Jarida” nashrida mamlakatimizning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov bilan o‘tkazilgan intervyu eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Diplomatik vakolatxona rahbari suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar anʼanaviy do‘stlik, mustahkam siyosiy iroda, o‘zaro hurmat va ishonch kabi mustahkam tamoyillarga asoslanganini taʼkidlagan.

U xalqlarimizni tinchliksevarlik, oila va jamiyat qadriyatlariga sodiqlik hamda samimiy mehmondo‘stlik kabi mushtarak qadriyatlar birlashtirib turishini qayd etgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil fevral oyida Kuvaytga amalga oshirgan birinchi rasmiy tashrifi O‘zbekiston–Kuvayt munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim turtki bo‘lgani qayd etildi.

Mazkur tashrif davomida Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mishʼal as-Saboh va Valiahd Shayx Saboh as-Saboh bilan o‘tkazilgan muzokaralar siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar, sanoat, sog‘liqni saqlash, taʼlim, transport va logistika, madaniyat hamda turizm sohalarida mustahkam poydevor yaratdi. Hozirgi kunda erishilgan kelishuvlar aniq amaliy qadamlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Elchi mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan mamlakatning boy milliy davlatchilik anʼanalari va 3 ming yillik tarixiy ildizlariga to‘xtalib o‘tdi. O‘tgan davr mobaynida mamlakat mustaqil taraqqiyot yo‘nalishini belgilab, xalqaro maydondagi maqomini izchil mustahkamladi.

Diplomat O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi tarixiy hamda insonparvarlik aloqalarini yana-da chuqurroq savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sheriklikka aylantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz!” degan so‘zlari “Yangi O‘zbekiston” ruhini hamda xalqimizning o‘z kuch-qudrati va kelajagiga bo‘lgan mustahkam ishonchini ifoda etishi taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish