Kegeylidagi yangi tashabbus ellik oilani doimiy daromadga olib chiqdi
Sentabr 18, 2026. 16:15 • 2 daq
• 79
TOSHKENT, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Kegeyli tumanidagi issiqxona majmuasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining tashabbusi bilan Kegeyli tumanida tashkil etilgan issiqxona majmuasi ham o‘z loyihalari bilan faol ishtirok etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu majmua faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerga 12,5 milliard so‘m imtiyozli mablag‘ ajratilib, 5 gektarda zamonaviy yengil tipdagi issiqxona barpo etildi. Natijada dastlab Ijtimoiy reyestrda turgan 50 ta oila qamrab olinib, ular uchun doimiy ish o‘rinlari yaratildi.
Tanlab olingan har bir ehtiyojmand oilaga 10 sotixdan issiqxona maydoni ajratib berildi. Bunda ushbu kompleksga biriktirilgan lider tadbirkor faqat yer va issiqxona ajratish bilan cheklanib qolmaydi, balki ularni 2 yil davomida shu yerning o‘zida o‘qitib, ular yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lganidan so‘ng o‘z tomorqalarida issiqxona tashkil etish va daromad manbaini yaratishga ko‘maklashadi.
Eng muhimi, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari lider tadbirkor tomonidan bozor narxida sotib olinadi.
Shuningdek, mazkur issiqxona kompleksida yiliga 1 ming nafar fuqaroni issiqxona xo‘jaligi va dehqonchilik sohasi bo‘yicha o‘qitish ham yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tizim aholi uchun kafolatli va barqaror daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, oilalar daromadini yanada ko‘paytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan. Issiqxona yaqinida joylashgan 350 metrlik zovurda 500 bosh o‘rdak boqishga mo‘ljallangan maxsus o‘rdakxona tashkil etildi. Loyiha doirasida oilalarga 10 boshdan Braziliyadan keltirilgan “Favorit” naslli o‘rdaklar ajratilib, fuqarolarga ularni ko‘paytirish texnologiyasi atroflicha o‘rgatilmoqda.
Mazkur loyiha qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Bugungi tadbirkorlarning faqat o‘z foydasi uchun emas, balki odamlarning ham yaxshi yashashiga o‘zini daxldor deb bilayotgani alohida eʼtirof etildi.
Loyihada zamonaviy va resurstejamkor texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Hududda quvvati 100 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular ishlab chiqarayotgan elektr energiyasi issiqxonaning kundalik ehtiyojini qoplaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi