“Financia Digital News”: O‘zbekiston uchun O‘rta yo‘lak Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatini oshiradi
Iyul 29, 2026. 09:00 • 3 daq
• 165
ISLOMOBOD, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Financia Digital News” nashri Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi hamkorlik aloqalariga oid maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti Edvard Romanov muallifligidagi ushbu maqolada “Markaziy Osiyo + Ozarbayjon” formati boshqa hamkorlik maydonlaridan farq qilishi, Ozarbayjon Kaspiy dengizi orqali mintaqa bilan bevosita bog‘langani, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa yo‘nalishlariga olib chiquvchi transport yo‘laklarining muhim bo‘g‘ini hisoblanishi taʼkidlangan.
Muallif fikricha, Markaziy Osiyo uchun Ozarbayjon muhim tranzit, investitsiya va sanoat hamkori sanaladi. Ozarbayjon uchun esa Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘sib borayotgan bozor hamda port, temir yo‘l va logistika infratuzilmasi orqali o‘tadigan yuk oqimlarining muhim manbai hisoblanadi. Shu bois mazkur yangi format nafaqat siyosiy, balki aniq iqtisodiy mazmunga ham egadir.
Nashrda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar ham mustahkamlanib borayotgani qayd etilgan. Maʼlum qilinishicha, 2017–2025-yillar davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 9,5 barobarga oshib, 32,5 million AQSH dollaridan 307,3 million AQSH dollariga yetdi. O‘zbekiston eksporti 227,3 million AQSH dollarini, Ozarbayjondan import esa 80 million AQSH dollarini tashkil etdi.
“O‘zbekiston eksportining asosini sanoat mahsulotlari, mashina va transport uskunalari, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, tayyor mahsulotlar hamda xizmatlar tashkil etadi. Import tarkibida esa asosan oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari, mashina va transport uskunalari, shuningdek kimyo mahsulotlari ustunlik qiladi”, – deyilgan nashrda.
Maqolada yozilganidek, savdo hajmini va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish ishonchli transport infratuzilmasini talab etadi. Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish tashqi savdo barqarorligini oshirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
“O‘rta yo‘lak Xitoy va Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz, Turkiya hamda Yevropa bilan bog‘laydi. O‘zbekistondan yuboriladigan yuklar Qozog‘iston yoki Turkmaniston orqali Kaspiy dengizi portlariga yetkazilib, u yerdan dengiz transporti orqali Ozarbayjonga, keyin esa Gruziya va Turkiya orqali yoki Qora dengiz orqali Yevropa bozorlariga yo‘naltirilishi mumkin”, – deya urg‘ulangan.
Ozarbayjon mazkur yo‘nalishning g‘arbiy qismida markaziy o‘rinni egallaydi. Uning transport infratuzilmasi tarkibiga “Alat” xalqaro dengiz savdo porti, Kaspiy dengizi savdo floti hamda “Boku–Tbilisi–Kars” temir yo‘l liniyasi kiradi.
O‘zbekiston uchun O‘rta yo‘lak Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Yevropa Ittifoqi bozorlariga qo‘shimcha chiqish imkoniyatini yaratadi. Bu transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va tashqi savdoni cheklangan miqdordagi marshrutlarga qaramligini kamaytirish imkonini beradi.
Pokiston elektron nashri yozganidek, O‘rta yo‘lak shimoliy yoki janubiy yo‘nalishlarga muqobil sifatida emas, balki tanlov imkoniyatlarini kengaytirish, logistika barqarorligini oshirish va tashqi bozorlar bilan qo‘shimcha aloqalarni shakllantirish vositasi sifatida qaraladi.
“O‘zbekiston uchun “Markaziy Osiyo + Ozarbayjon” formati eksportni kengaytirish, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish hamda ishlab chiqarish va logistika sohalariga investitsiyalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun esa mazkur format g‘arb bozorlariga chiqishning qo‘shimcha imkoniyatlarini ochib beradi”, – deyilgan maqola yakunida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi