O‘zbekiston universitetlari Qohirada o‘z taʼlim dasturlarini namoyish qildi
Iyul 29, 2026. 12:30 • 2 daq
• 77QOHIRA, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Misr poytaxtida o‘tkazilgan 19-xalqaro “EDUGATE 2026” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning taʼlim va ilmiy salohiyati keng namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xalqaro tadbirda tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendi ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi. Unda mamlakatimizning qator nufuzli oliy taʼlim muassasalari o‘z taʼlim dasturlari va ilmiy salohiyatini keng namoyish qildi.
Ko‘rgazma dasturidan o‘rin olgan taʼlim forumi ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlandi. Uchrashuvlarda akademik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma taʼlim dasturlarini ishga tushirish, ilmiy tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirish hamda institutsional sheriklikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
“Kelajak sari qadam” mavzusidagi xalqaro panel sessiyasi forumning asosiy tadbirlaridan biriga aylandi. Unda O‘zbekiston va Misrning davlat idoralari, oliy taʼlim muassasalari hamda akademik doiralari vakillari qatnashdi.
Muhokamalar chog‘ida O‘zbekistonda oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijlik talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, “Yangi O‘zbekiston Scholarship” xalqaro grant dasturi va “Study in Uzbekistan” elektron platformasining imkoniyatlari keng yoritildi.
Forum davomida o‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlar O‘zbekiston hamda Misr oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi sheriklikni yana-da kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




