“Albilad Press” gazetasi: Fors ko‘rfazi arab davlatlari O‘zbekiston energetika sohasiga yirik sarmoya kiritmoqda

Avgust 05, 2026. 09:00 • 2 daq

131
“Albilad Press” gazetasi: Fors ko‘rfazi arab davlatlari O‘zbekiston energetika sohasiga yirik sarmoya kiritmoqda

MANAMA, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. Fors ko‘rfazi arab davlatlari O‘zbekiston iqtisodiyotiga keng ko‘lamli investitsiyalar kiritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Bahraynning “Albilad Press” gazetasiga tayanib.

Nashrning yozishicha, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi mamlakatlarining investitsiyalari Markaziy Osiyoning iqtisodiy manzarasini yangicha shakllantirmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston, ayniqsa, energetika sohasida Fors ko‘rfazi sarmoyalari uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylangan.

Bunga mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, elektr energiyasiga bo‘lgan talabning jadal o‘sishi hamda O‘zbekistonni mintaqaviy “yashil energetika” markaziga aylantirishga qaratilgan davlat siyosati asosiy omil bo‘lmoqda.

“Arabian Gulf Business Insights” sayti eʼlon qilgan hisobotga ko‘ra, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi mamlakatlari investorlari uzoq yillar davomida asosan ko‘chmas mulk va xalqaro moliya bozorlariga yo‘naltirib kelgan sarmoyalarini endi O‘zbekiston energetika tizimini modernizatsiya qilishga qaratmoqda.

Hisobotda taʼkidlanishicha, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi ushbu jarayonda yetakchi o‘rinni egallagan. Bugungi kunda O‘zbekiston kompaniyaning eng yirik xorijiy bozori hisoblanadi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati qariyb 15 milliard AQSH dollariga baholanmoqda.

Ular shamol va quyosh energetikasi, “yashil” vodorod ishlab chiqarish sohalaridagi yirik tashabbuslarni o‘z ichiga oladi. Bu esa Fors ko‘rfazi davlatlarining O‘zbekiston iqtisodiyoti salohiyatiga bo‘lgan ishonchi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston 2030 yilga qadar “Kaspiy dengizi orqali yashil energetika yo‘lagi” loyihasi orqali tabiiy gaz eksport qiluvchi mamlakatdan toza energiya eksport qiluvchi davlatga aylanishni maqsad qilgan. Mamlakatda yiliga 300 kundan ortiq quyoshli kunlar mavjudligi esa quyosh energetikasi loyihalari uchun yuqori raqobatbardoshlik ustunligini taʼminlamoqda.

O‘zbekiston Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi mamlakatlari uchun energetika sohasidagi eng istiqbolli investitsiya yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Bu hamkorlik nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirish, balki iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga xizmat qiladigan zamonaviy integratsiyalashgan energetika tizimini shakllantirishga ham xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish