Sun Chjuanchji: O‘zbekiston qiyofasi ulkan o‘zgarishlarga uchraganiga shaxsan guvoh bo‘ldim
Avgust 05, 2026. 08:10 • 2 daq
• 74
PEKIN, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanchji O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Bugungi kunda madaniy-gumanitar almashinuv va hamkorligimiz tobora jozibador tus olmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida vizasiz rejim amal qiladi. Bundan tashqari, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy o‘quv yurtlarining samarali hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir tomondan, olimlarning fuqarolarni qiziqtirgan dolzarb masalalar yuzasidan muhokamalari o‘zaro anglashuvni rivojlantirishga yordam beradi. Ikkinchi tomondan, oddiy odamlar, ayniqsa, yoshlar va talabalar o‘rtasidagi muloqotlar shakllangan do‘stona munosabatlarning davomiyligini taʼminlaydi.
Hozirda sunʼiy intellekt jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgani bois yangi sharoitlarda yana-da yuqori darajadagi hamkorlikni amalga oshirish imkoniyatiga egamiz. Ayniqsa, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirishimiz mumkin va bu Xitoy hamda O‘zbekistonning umumiy manfaatlariga mos keladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston juda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Yaqinda mamlakat qiyofasi ulkan o‘zgarishlarga uchraganiga, xalqning kayfiyati esa aʼlo darajada ekaniga shaxsan guvoh bo‘ldim. So‘nggi yillardagi rivojlanish surʼatlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, mamlakat uchun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga erishish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi.
O‘zbekistonga bundan keyin ham iqtisodiy yuksalish, uning xalqiga esa tobora farovon hayot tilayman. Xitoy–O‘zbekiston munosabatlari izchil rivojlansin, do‘stligimiz avloddan-avlodga o‘tsin va biz birgalikda umumiy yorug‘ kelajakni barpo etaylik.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi