Anqarada vatandoshlar bilan mavjud muammolar, yechimlar va yangi tashabbuslar muhokama qilindi

Avgust 04, 2026. 19:00 • 2 daq

34
Anqarada vatandoshlar bilan mavjud muammolar, yechimlar va yangi tashabbuslar muhokama qilindi

ANQARA, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi hamda “O‘zbegim” xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamiyati hamkorligida ushbu davlatda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda hamyurtlarimizni qiynab kelayotgan dolzarb muammolar muhokama qilinib, konsullik xizmatlaridan foydalanish tartibi va huquqiy masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, tashqi mehnat migratsiyasi sohasida so‘nggi yillarda qabul qilingan qarorlar va farmonlar xususida maʼlumot berildi. Xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Muloqot davomida Turkiya Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya bosh boshqarmasining “Göçbil” axborot tizimi haqida so‘z yuritildi. Tizimdan foydalanish tartibi, talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati, yashash ruxsatnomasi (ikamet)ni rasmiylashtirish hamda uni uzaytirish muddatlari bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.

Mazkur tizimdan faqat rasmiy veb-sayt orqali foydalanish, turli vositachilar xizmatlaridan foydalanish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqonuniy holatlar va moliyaviy zararlarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Suhbat chog‘ida yurtdoshlarning murojaatlari tinglanib, ularning huquqiy savollariga javoblar berildi. Jumladan, ish beruvchilar tomonidan ish haqini ololmayotgan 4 nafar fuqaro hamda og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 8 nafar fuqaroning murojaatlari belgilangan tartibda qabul qilinib, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy ishlar boshlandi.

Ishtirokchilar xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbek xotin-qizlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida chet elga chiqish pasportini rasmiylashtirish jarayonida profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirish taklifini bildirdi.

Xususan, masʼul xodimlar tomonidan inson savdosi, oilaviy nizolar, ajrimlarga olib keluvchi omillar hamda xorijda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa ijtimoiy-huquqiy xavflar haqida tizimli ravishda tushuntirish suhbatlarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish