“Daily Independent”: O‘zbekiston TDT doirasida transport va tranzit yo‘nalishidagi tashabbuslarni ilgari surmoqda
May 14, 2026. 21:25 • 3 daq
• 100
ISLOMOBOD, 14-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Independent” nashrida “Transport va tranzit sohasidagi munosabatlar turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy ustunlaridan biriga aylandi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, shu yil 14–15-may kunlari Qozog‘istonning Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning norasmiy sammiti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbir tashkilot mavqeini yanada mustahkamlash, hamkorlikni chuqurlashtirish va barcha turkiy davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish yo‘lida muhim ijobiy qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, bugungi kunda TDT aʼzo davlatlar iqtisodiyot va energetikadan tortib raqamli texnologiyalar hamda sunʼiy intellektgacha bo‘lgan 40 dan ortiq sohada hamkorlik qilmoqda. Transport sohasi asta-sekin integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. TDT transport strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri – Sharq va G‘arbni, shuningdek Yevroosiyoning Shimoli va Janubini bog‘lovchi xalqaro koridorlarni rivojlantirishga asoslangan yagona transport makonini yaratishdir.
“O‘zbekiston 2019-yilda TDTga qo‘shilganidan so‘ng, transport va logistika sohasidagi hamkorlik mamlakatning tashkilot doirasidagi tashqi iqtisodiy strategiyasining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Global taʼminot zanjirlarining o‘zgarishi, Yevroosiyoda muqobil yo‘nalishlar ahamiyatining ortishi va xalqaro transport koridorlari o‘rtasidagi raqobat kuchayishi sharoitida Toshkent TDT uchun yagona transport va tranzit makonini yaratishga qaratilgan tashabbuslarni izchil ilgari surib kelmoqda”, deya qayd etilgan nashrda.
O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari TDTni yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston TDT makonida transport bog‘liqligini mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omili sifatida baholaydi.
O‘zbekiston Prezidenti 2021-yil Turkiyada bo‘lib o‘tgan TDT sammitida transport va tranzit sohasida tizimli hamkorlik zarurligini taʼkidlab, amalda tashkilot doirasida yanada kompleks yondashuvga o‘tishga turtki berdi. Bu yo‘nalish 2022-yilgi Samarqand sammitida yanada rivojlantirildi. Unda O‘zbekiston multimodal yo‘nalishlarni rivojlantirish, e-TIR, e-Permit va e-CMR elektron tizimlarini joriy etish tashabbusini ilgari surdi.
O‘zbekiston yetakchisi 2023-yil Ostona sammitida O‘zbekiston transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va bugungi geoiqtisodiy sharoitda Osiyo bilan Yevropani bog‘lovchi istiqbolli strategik yo‘nalish sifatida ahamiyat kasb etayotgan “O‘rta koridor”ni rivojlantirish masalasini yana bir bor ilgari surdi.
2025-yil may oyida Vengriyada bo‘lib o‘tgan TDTning norasmiy sammitida O‘zbekiston Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab “yagona darcha” tizimlari va “yashil koridorlar”ni jadal joriy etishni qo‘llab-quvvatladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“Eurasia Magazine”: TDT sammitlari orqali sheriklik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda

“Q8 Press”: Turkistondagi sammit TDTning xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega


