Shotlandiyada vatandoshlarning mehnat huquqlarini taʼminlashga qaratilgan tadbir o‘tkazildi

May 14, 2026. 18:25 • 2 daq

17
Shotlandiyada vatandoshlarning mehnat huquqlarini taʼminlashga qaratilgan tadbir o‘tkazildi
Shotlandiyada vatandoshlarning mehnat huquqlarini taʼminlashga qaratilgan tadbir o‘tkazildi

EDINBURG, 14-may. /“Dunyo” AA/. Shotlandiyada o‘zbekistonlik migrantlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning mahalliy muhitga moslashishiga ko‘maklashish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Britaniyaning mazkur hududida faoliyat yurituvchi “Worker Support Center” nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Muloqotda Shotlandiyada vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlar, mahalliy tashkilotlar va soha ekspertlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda mehnat migrantlarining huquqlarini taʼminlash, mehnat shartnomalarini to‘g‘ri rasmiylashtirish, ish joyida xavfsizlik qoidalariga rioya etish, ish beruvchilar bilan munosabatlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar hamda ularni huquqiy mexanizmlar orqali hal etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, ishtirokchilarga Britaniya qonunchiligi doirasida mehnat migrantlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, ijtimoiy himoya vositalari, tibbiy xizmatlardan foydalanish tartibi, huquqiy yordam olish imkoniyatlari hamda favqulodda holatlarda murojaat qilish mexanizmlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbir davomida vatandoshlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tinglanib, ularni qiynayotgan ayrim masalalar yuzasidan amaliy tushuntirishlar berildi.

Mazkur davra suhbati mehnat migrantlarining huquqiy xabardorligini oshirish, ular bilan doimiy muloqotni mustahkamlash hamda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish