O‘zbekiston va Misr o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
May 14, 2026. 15:55 • 2 daq
• 41QOHIRA, 14-may. /“Dunyo” AA/. Misrning yetakchi nashrlari “Al-Youm Al-Sabea” va “Al-Khabar Al-Youm” sahifalarida O‘zbekistonning boy turistik salohiyatiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolalarda yozilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish, O‘zbekistonni misrlik sayyohlar orasida ommalashtirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Qohira shahrida O‘zbekiston va Misr turizm sohasi vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgan. Unda asosiy eʼtibor ikki mamlakat o‘rtasida arzon va qulay aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasida fikr almashilgan.
Tomonlar Toshkent va Qohira o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda charter reyslarini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilgan. Bu chipta narxlarini arzonlashtirish va sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda misrlik turoperatorlar va turizm mutaxassislari mamlakatimizning boy tarixiy merosi, qadimiy islom sivilizatsiyasi va madaniy yaqinligi tufayli misrlik sayyohlar uchun jozibador yo‘nalishga aylanayotganini taʼkidlagan.
Nashrlarda qayd etilishicha, “O‘zbekiston sizlarni chorlaydi” mavzusidagi targ‘ibot tadbirida misrlik turistik kompaniyalar, ommaviy axborot vositalari va turizm sohasi vakillariga O‘zbekistonning asosiy turistik yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi. Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi shaharlarning tarixiy va madaniy ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Ishtirokchilar ziyorat turizmi, madaniy turizm, qishki dam olish, taʼlim turizmi kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qilgan. Shu bilan birga, misrlik sayyohlar uchun viza tartib-taomillarini yengillashtirish va yangi turistik paketlar ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.
Maʼlum qilinishicha, yaqin oylarda misrlik blogerlar va inflyuenserlardan iborat guruhning O‘zbekistonga tanishuv safari tashkil etiladi. Ular mamlakatning turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, uni Misr axborot makonida keng targ‘ib qilishga hissa qo‘shadi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur tashabbuslar O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish va ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Qirg‘iziston nashri: TDTning transport va tranzit sohasidagi hamkorligi tobora kengaymoqda





